O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan majlisda ShHTga a`zo davlatlar – O`zbekiston, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Rossiya, Tojikiston, shuningdek, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron, Afg`oniston va Belarusning etakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi va Kotibiyati, mamlakatimizda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Shanxay hamkorlik tashkiloti o`tgan yillardagi faoliyati davomida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatoridan munosib o`rin egalladi. Bugungi davlatlararo munosabatlar tizimida xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlash, o`zaro manfaatli sohalarda turli loyihalarni amalga oshirishda samarali mexanizmga aylandi. Tashkilot jahon hamjamiyati e`tiborini butun dunyoga jiddiy xavf solayotgan terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish masalalariga qaratmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumi a`zo davlatlarning ilmiy-tadqiqot va siyosiy markazlari faoliyatiga ko`maklashish va ilmiy qo`llab-quvvatlash, ular o`rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ShHT faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning faoliyatiga doir ayrim masalalar bo`yicha tadqiqotlar o`tkazish, tahliliy va prognoz materiallar, tavsiyalar tayyorlash uchun ko`p tomonlama mustaqil ijtimoiy maslahat-ekspert mexanizmi hisoblanadi.
Forum majlisining dastlabki kunida ShHT tashkil topganining 15 yilligi munosabati bilan 2016 yil iyun oyida Toshkentda o`tgan Davlat rahbarlari kengashining majlisi yakunlari muhokama etilmoqda. O`zbekistonning 2015-2016 yillarda tashkilotga raisligi davrida ShHT faoliyatining samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko`lamli ishlar bajarilgani ta`kidlandi. O`tgan yilgi sammitda imzolangan hujjatlar tashkilotning ustuvor yo`nalishlardagi faoliyatini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlashga doir amaliy vazifalarni hal etishga xizmat qilmoqda.
ShHT Davlat rahbarlari kengashining majlisida muhim hujjat – ShHTning 15 yillik faoliyati yakunlari va istiqbolda uni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari aks ettirilgan Toshkent deklarasiyasi qabul qilinganini ta`kidlash joiz. Tashkilotni kengaytirishga qaror qilingani esa sammitning yana bir muhim masalasi bo`ldi. Davlat rahbarlarining uchrashuvi yakuni bo`yicha Hindiston va Pokistonning ShHTga a`zo davlat maqomini olish yo`lidagi majburiyatlari to`g`risidagi memorandumlar ham imzolangan edi.
Forum majlisining birinchi kunida, shuningdek, ShHTga a`zo davlatlar o`rtasida barqarorlik va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda ular o`rtasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, investisiya, turizm va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Majlisda O`zbekiston vakillari 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini taqdim etdi. Mamlakatimizning iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xorijiy investisiyalarni jalb qilishdagi pozisiyasini, shuningdek, puxta o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlari haqida batafsil ma`lumot berildi. Mazkur strategiyaning maqsadlari ShHT faoliyatining xavfsizlikni ta`minlash va barqaror rivojlanish bo`yicha asosiy yo`nalishlariga mos kelishi qayd etildi.
Harakatlar strategiyasida transport-kommunikasiya sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga alohida e`tibor qaratilgan bo`lib, bundan ShHTga a`zo davlatlar ham manfaatdordir. Bu boradagi qo`shma loyihalarning amalga oshirilishi Osiyo bilan Evropani bog`laydigan xalqaro transport koridorlarining ko`p variantli tizimini shakllantirish imkonini beradi.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturining asosiy qoidalariga bag`ishlangan taqdimot ham o`tkazildi. Dastur doirasida aholi farovonligini yuksaltirish, bandlik masalasini hal etish, sog`liqni saqlash sifatini yaxshilash va mahalla rolini yanada oshirishga qaratilgan keng ko`lamli vazifalar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.
Majlis ishtirokchilari taqdim etilgan axborotni ijobiy baholadi va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”ligi to`g`risidagi qat`iy pozisiyasi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini alohida ta`kidladi.
Tadbirda Shanxay hamkorlik tashkilotini yanada rivojlantirish, xususan, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, o`zaro manfaatli investisiya va savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari hamda ShHTni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashiladi.






