JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 8-turida O`zbekiston terma jamoasi safarda Eronga qarshi bahs olib boradi. Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) bo`lajak o`yinga qo`yidagi rasmiylarni tayinladi.
O`FF matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, ummonlik FIFA referisi Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf mazkur o`yinda bosh hakam vazifasini bajaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Hamid Sulaymoy Marhun al-Mahayi hamda Abu Bakar Salim Mahad al-Amri yordam beradi. Umar Muborak Mazarua al-Yoqubiy (Ummon) zaxira hakami sifatida ishlaydi.
Hakamlar ishiga malayziyalik Muhammad Solih Subhiddin baho beradi. Uchrashuv komissari etib yaponiyalik Kaise Tomoxiro tayinlandi. Xavfsizlik bo`yicha ofiser – Tara Singx (Malayziya).
Eslatib o`tamiz, Eron – O`zbekiston uchrashuvi 12 iyun kuni Tehrondagi “Ozodi” stadionida o`tkaziladi. O`yin mahalliy vaqt bilan 21:15 (Toshkent vaqti bilan 21:45)da boshlanishi rejalashtirilgan.
Ma`lumot uchun, JCh–2018 saralashi “A” guruhi 7-turidan keyin Eron 17 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. O`zbekiston 12 ochko bilan guruhda hozircha 3-pog`onada bormoqda.






