AsosiyJamiyat

​Prezident qarori bilan aholi bandligini ta`minlash bo`yicha rahbarlarning mas`uliyati oshiriladi

'​Prezident qarori bilan aholi bandligini ta`minlash bo`yicha rahbarlarning mas`uliyati oshiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholi bandligini ta`minlash bo`yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas`uliyatini oshirish chora-tadbirlari” to`g`risida Qaror imzoladi.

Qaror yangi ish o`rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko`rsatish bo`yicha aniq yo`naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas`uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo`lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilish maqsadida qabul qilindi.

Qarorga muvofiq 2017 yilning 1 iyulidan boshlab joylardagi rahbarlarni moddiy rag`batlantirish va ularning shaxsiy mas`uliyatini kuchaytirishning prinsipial jihatdan yangi tizimi joriy etilmoqda. Unga ko`ra Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlariga aholi bandligi o`sishining tasdiqlangan har chorak prognoz ko`rsatkichlarini bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun lavozim maoshining 15 foizi miqdorida mos ravishda mukofot beriladi yoki jarima solinadi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlarining birinchi o`rinbosarlariga hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga esa ular lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida huddi shunday mukofotlash yoki jarima solish choralari qo`llaniladi.

2018 yildan boshlab aholi bandligi o`sishining prognoz ko`rsatkichlari respublikamiz hududlari kesimida har chorak bo`yicha taqsimlangan holda, tasdiqlangan hududiy va tarmoq rivojlanish dasturlariga muvofiq tashkil qilinadigan doimiy ish o`rinlari ko`rsatkichlarini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi Aholi bandligi dasturiga kiritiladi. Shuningdek, aholi bandligi o`sishining prognoz ko`rsatkichlari shahar va tumanlar kesimida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi aholi bandligi manzilli hududiy dasturlariga kiritiladi.

Qabul qilingan qaror yangi ish o`rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko`rsatish bo`yicha aniq yo`naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas`uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo`lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

Qarorning muhim jihati shundan iboratki, unda aholi bandligi o`sishining mezoni sifatida aholini davlat ijtimoiy sug`urta hamda mehnat va pensiya qonunchiligi tizimlari bilan qamrab olingan doimiy, barqaror ishga joylashtirilishi belgilangan. Aynan shunday bandlik shakli mehnat kafolatlarini himoyalash, pensiya to`lovlarini amalga oshirish uchun mehnat stajini hisobga olish, uy-joy sotib olish va oliy ta`lim muassasalarida o`qish uchun olingan kreditlarni to`lashda soliq imtiyozlariga ega bo`lish hamda aholining kundalik hayotida zarur bo`ladigan boshqa amaldagi qonunchilik me`yorlaridan fuqarolarimiz to`laqonli foydalanishiga barcha imkoniyat yaratadi.

Qarorning to`liq matni bilan O`zAda tanishishingiz mumkin.

Boshqa yangiliklar