Shu yilning 27 aprel – 7 may kunlari Bagam orollarida plyaj futboli bo`yicha Jahon chempionati bo`lib o`tdi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekistonlik FIFA referisi Baxtiyor Namozov mazkur turnirda bir qator uchrashuvlarni boshqarish bilan birga Taiti va Braziliya terma jamoalari o`rtasidagi final o`yinida ham bosh hakam sifatida ishladi.
Final bahsida Braziliya 6:0 hisobida Taiti ustidan g`alaba qozonib, o`z tarixida plyaj futboli bo`yicha 5 karra jahon chempioniga aylandi.
Shu tariqa, Baxtiyor Namozov Osiyo futbol konfederasiyasi rasmiylari orasida plyaj futboli bo`yicha Jahon chempionati finalida ishlagan ilk hakamga aylandi. Bundan tashqari, Namozov ushbu natijani qayd etgan ilk o`zbekistonlik sifatida tarixga kirdi. Final uchrashuvi oldidan Baxtiyor Namozov quyidagi fikrlarni bildirib o`tgandi.
“Men baxtliman. Har bir hakam final bellashuvini boshqarishni orzu qiladi. Musobaqa davomida barcha hakamlar yuqori saviyada ishladi”, – dedi o`zbekistonlik referi.
Mazkur musobaqa davomida 43 yoshli o`zbekistonlik referi guruh bahslari doirasida Polsha – Braziliya (4:7), chorak finalda Braziliya – Portugaliya (4:3) uchrashuvida bosh hakam sifatida ishladi. Bundan tashqari u guruh bosqichida Braziliya – Taiti (4:1) o`yinida vaqt nazoratchisi bo`lib ishlagandi.
Ma`lumot uchun, Baxtiyor Namozov plyaj futboli bo`yicha Ummon va Yaponiya termalari o`rtasidagi 2015 yilgi Osiyo chempionati finalini boshqargan. Shuningdek, u 2017 yilning 4–11 mart kunlari Malayziyaning Terengganu shahrida o`tkazilgan plyaj futboli bo`yicha Osiyo chempionati uchrashuvlarini ham boshqarib borgan edi






