AsosiyJamiyat

​2016 yilda O`zbekistonda 11,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi

'​2016 yilda O`zbekistonda 11,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi'ning rasmi

Poytaxtimizda «O`zbekiston Respublikasi eksport salohiyati: zarur sharoitlar va o`sish imkoniyatlari» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo`lib o`tdi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O`zbekiston banklari assosiasiyasi hamda Bank-moliya akademiyasi hamkorligida tashkil etildi, deb yozadi O`zA.

2016 yil mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan 11 milliard 100 million dollarlik mahsulot eksport qilingan, 877 korxona eksport faoliyatiga yangidan jalb etilgan. Eksport geografiyasini kengaytirish ustida olib borilayotgan izlanishlar natijasida o`tgan yili mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari Evropa, Osiyo va Afrika qit`alarida 60 yangi bozorga kirib borgan.

Xorij mamlakatlari bilan aloqalarning chuqurlashuvi mamlakatimiz eksport salohiyatining ortishida qulay sharoit sifatida baholanmoqda. Davlatimiz rahbarining 4-5 aprel kunlari Rossiyaga davlat tashrifi davomida imzolangan umumiy qiymati 16 milliard dollarga teng ellikdan ziyod kelishuv buning yorqin dalilidir.

Eksport salohiyatini oshirishda xorijiy sarmoyalarni, avvalo, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish bo`yicha qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Navoiy, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Farg`ona va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar chet ellik investorlarning mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishga bo`lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.

Erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga turli imtiyozlar, qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, bu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta rejimi amal qiladi. Tadbirkorlik sub`ektlarining muhandislik-telekommunikasiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanishini osonlashtirish maqsadida EIZlar direksiyalarida «yagona darcha» tamoyili bo`yicha ruxsatnomalar berilishi yo`lga qo`yilayotir.

Mahalliy xomashyodan yuqori qo`shimcha qiymatga ega, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda Prezidentimizning 2016 yil 26 dekabrdagi «2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori muhim dasturilamal bo`layotir. Unga ko`ra, 2019 yilgacha 1 ming 146 loyiha amalga oshirilishi hisobiga bugungi kunda talab yuqori bo`lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o`zlashtirish ko`zda tutilgan.

Konferensiyada bank-moliya tizimi ekspertlari, oliy o`quv yurtlari professor-o`qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilar, amaliyotchi mutaxassislar ilmiy ma`ruzalar bilan qatnashdi.

Boshqa yangiliklar