AsosiyJamiyat

​Ukraina delegasiyasi O`zbekistonda muzokaralar o`tkazdi

'​Ukraina delegasiyasi O`zbekistonda muzokaralar o`tkazdi'ning rasmi

Ukraina Milliy Fanlar akademiyasining Ukrain tili instituti direktori, professor Pavel Grisenko rahbarligidagi delegasiya mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida muzokaralar o`tkazdi, deb xabar beradi O`zA.

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi viseprezidenti Bahrom Abduhalimov bilan uchrashuvda O`zbekiston bilan Ukraina o`rtasidagi hamkorlik ko`plab sohalar qatori ilm-fan va ta`lim yo`nalishida ham izchil rivojlanayotgani ta`kidlandi. Bunda mamlakatlarimiz o`rtasida imzolangan 140 dan ziyod hujjat huquqiy asos bo`lmoqda. Fan va ta`lim muassasalari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Mehmonlarga O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyati, ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va qo`lga kiritilayotgan yutuqlar haqida so`zlab berildi.

Uchrashuvda O`zbekiston bilan Ukraina o`rtasida ilm-fan va ta`lim sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Ukraina delegasiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida Alisher Navoiyning ukrain tiliga tarjima qilingan “Farhod va Shirin” dostoni taqdimoti bo`ldi. Ikki mamlakat olim va mutaxassislari, “Adef-Ukraina” nashriyot uyi hamda mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi hamkorligida amalga oshirilgan ushbu loyiha mahsulini kelgusida ingliz va boshqa tillarga tarjima qilish rejalashtirilgan.

“Jahon sivilizasiyasiga bebaho hissa qo`shgan Alisher Navoiy ijodi ulkan ma`naviy boylikdir, – dedi Pavel Grisenko. – Bu meros butun dunyoda, xususan, Ukrainada katta qiziqish bilan o`rganilmoqda. Navoiy ijodida donishmandlik, borliq olamni gumanistik anglashning juda ulkan, bitmas-tuganmas xazinasi mujassam. O`zbekiston bilan ilm-fan va ta`lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdormiz”.

Ukraina delegasiyasi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida ham uchrashuv o`tkazdi. Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo`lib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi rang-¬barang eksponatlar bilan tanishdi.

Boshqa yangiliklar