AsosiyJamiyat

​BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O`zbekistonga keladi

'​BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O`zbekistonga keladi'ning rasmi

10-12 may kunlari BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari boshqarmasi delegasiyasi rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tashrifdan ko`zlangan maqsad O`zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari boshqarmasi o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan yo`nalishlarda kelgusidagi aloqalarni muhokama etishdan iborat.

Zayd Raad al-Husayn BMTning Inson huquqlari bo`yicha ettinchi oliy komissaridir. U AQShning Jons Xopkins universitetida gumanitar fanlar bakalavri va Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Diplomatiya sohasida yigirma yillik tajribaga ega.

2014 yilda BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari etib tayinlangan va ushbu lavozimdagi ilk Osiyo vakilidir. Bungacha Zayd Raad al-Husayn BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan. BMT oliy komissari sifatida 24 mamlakatga tashrif buyurgan.

Zayd Raad al-Husayn xalqaro huquq, xalqaro jinoiy sudlov, tinchlikparvarlik operasiyalarini amalga oshirish va yadroviy terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo`yicha mutaxassis hisoblanadi. Xalqaro jinoyat sudini ta`sis etish va uning faoliyatini yo`lga qo`yish, genosid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar elementlarini aniqlash ishlarida ishtirok etgan. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Zayd Raad al-Husayn Iroq va Suriyadagi jangovar harakatlar hududlaridagi gumanitar ahvol, shuningdek, Venesuela, Ukraina, G`azo sektori va Afrikaning qator mamlakatlaridagi vaziyat bilan bog`liq masalalarni hal etishni o`zining asosiy vazifalari sifatida belgilagan.

Zayd Raad al-Husayn mamlakatimizga tashrifi davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berishi va tashrif yakunlari bo`yicha Xalqaro press-klubda jurnalistlar oldida chiqish qilishi kutilmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar