O`zaro kelishuvga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o`rtasida 1 may kuni telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi.
Davlat rahbarlari Prezidentimizning shu yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar, deb yozadi O`zA.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalar bo`yicha yuksak darajadagi aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Bugungi kunda agrosanoat kompleksidagi, temir yo`l tizimini ta`mirlash va modernizasiya qilish va boshqa sohalardagi savdo shartnomalari va qo`shma kooperasiya loyihalari keng ko`lamda amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarlari belgilangan dasturlar va hamkorlik loyihalarini, avvalambor, iqtisodiy sohadagi loyihalarni o`z vaqtida amalga oshirish maqsadida yanada faol hamkorlik qilish muhimligini ta`kidladilar.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, shuningdek, yaqin istiqboldagi qo`shma tadbirlar jadvali kelishib olindi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qardosh O`zbekiston xalqiga ezgu istaklarini bildirdi.
Suhbat O`zbekiston – Turkmaniston munosabatlariga xos samimiy va do`stona, o`zaro anglashuv, hurmat va yaqin qo`shnichilik ruhida o`tdi.






