Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahridagi OFK shtab-kvartirasida bugun, 28 aprel kuni ayollar o`rtasidagi U-19 Osiyo chempionatiga qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tdi.
Osiyo chempionatida jami 8 mamlakat terma jamoasi 2 guruhga bo`lingan holda ishtirok etadi. Qur`a natijasiga ko`ra, O`zbekiston U-19 qizlar termasi Xitoy, KXDR hamda Tailand terma jamoalari bilan “A” guruhidan joy oldi. Musobaqaning “B” guruhida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya hamda Vetnam termalari o`zaro kuch sinashadigan bo`ldi.

Osiyo chempionati shu yilning 14–28 oktyabr kunlari Xitoyda bo`lib o`tadi. Musobaqa reglamentiga ko`ra, guruhlarda 1–2 o`rinlarni egallagan jamoalar yarim finalga chiqadi.
Turnir yakunida 1–3 o`rinlarni band qilgan terma jamoalar 2018 yili Fransiyada bo`lib o`tadigan ayollar o`rtasidagi U-20 Jahon chempionatiga yo`l oladi.






