Samarqand viloyati “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi va Finlyandiyaning “FCG Desing and Engineering Ltd” kompaniyasi vakillari ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida shaharda issiqlik manbaini tiklash yuzasidan ma`lumot berildi, deb xabar beradi Samarqand viloyati hokimligi rasmiy sayti.
2018-2022 yillar davomida Samarqand shahridagi ko`p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha ob`ektlarini issiqlik energiyasi bilan ta`minlash, issiqlik tizimlarini modernizasiya va rekonstruksiya qilish bo`yicha texnik loyiha ishlab chiqilgan.
“ Ko`p qavatli uylarning aksariyat qismida ichki issiqlik uzatish tarmoq va uskunalari ishlamayotganligi sababli “Issiqlik manbai” quvvati 40 foizga tushib qolgan, - deydi Samarqand shahar hokimi o`rinbosari O`.Abdullaev. – Endilikda qozonxonalardan boshlab, aholi xonadonlarigacha bo`lgan barcha jihozlar modernizasiya va rekonstruksiya qilinadi. Markazlashgan holda issiqlik energiyasi bilan ta`minlovchi 11 markaziy issiqlik uzatuvchi qozonxona, 26 ta lokal qozonxonalar shular jumlasidan”.
Shuningdek, yana 49 ta kichik lokal qozonxona qurish, 146, 5 kilometr tarmoqlarni rekonstruya qilish 853 ta ko`p qavatli uylarni ichki issiqlik uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Mazkur ishlar uchun jahon bankining 88,3 million AQSh dollari miqdoridagi mablag`i sarflanadi.






