O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi 2017 yil 13 va 14 aprel kunlari Toshkent shahri va viloyati hududida sodir etilgan yo`l-transport hodisalari haqida ma`lumot berdi.
2017 yil 13 aprel kuni soat 14-30 larda, Toshkent shahar, Mirzo-Ulug`bek tumani, Buyuk Ipak Yo`li ko`chasida, haydovchi Olmazor tumanida yashovchi, 1987 yilda tug`ilgan A.N. «LASETTI» rusumli avtomobilini boshqarayotib, rul boshqaruvini yo`qotib yo`l chetidagi daraxtga urilgan. Natijada haydovchi A.N. voqea joyida halok bo`lgan va uning farzandlari - 2017 yilda tug`ilgan A.A. kasalxonada vafot etgan, 2008 yilda tug`ilgan A.D. hamda bir manzilda yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan E.O.lar tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilganlar.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
2017 yil 14 aprel kuni soat 22-30 larda, Toshkent viloyati, O`rtachirchiq tumani hududidan o`tuvchi, “Toshkent-To`ytepa-Ohangaron» avtomobil yo`lining 36-kilometrida, haydovchi O`rtachirchiq tumanida yashovchi, 1993 yilda tug`ilgan T.J. «NEKSIYa» rusumli avtomobilini boshqarayotib, rul boshqaruvini yo`qotib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan To`ytepa shahrida yashovchi, 1990 yilda tug`ilgan A.J. boshqaruvidagi «VAZ-2107» rusumli avtomobili bilan to`qnashuv sodir etgan. Natijada «NEKSIYa» rusumli avtomobil haydovchisi T.J. voqea joyida halok bo`lgan, yo`lovchilari Bo`ka tumanida yashovchi, 1992 yilda tug`ilgan P.U., O`rtachirchiq tumanida yashovchi, 1998 yilda tug`ilgan T.K. hamda «VAZ-2107» rusumli avtomobil haydovchisi A.J.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib kasalxonaga yotqizilganlar.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda






