Joriy yilning 7 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Yo`l jamg`armasi boshqaruv kengashi tomonidan “2017 yilda Toshkent shahri tumanlarining yo`l infratuzilmasini rivojlantirishning manzilli dasturi” tasdiqlandi.
Mazkur dasturga muvofiq Toshkent shahri ko`chalarini joriy va to`la ta`mirlash ishlari 2017 yilning o`zida ikki bosqichda asosan – birinchi navbatda hamda yil davomida ta`mirlanishi zarur bo`lgan ko`chalar kesimida amalga oshiriladi.
Shuni ta`kidlab o`tish kerakki, bugungi kunda ko`chalarning ta`miri va ulardagi infratuzilmani yaxshilash ishlari boshlangan va ular ayni kunda ham jadal sur`atlar bilan davom ettirilmoqda. Ta`mir ishlari O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi tizimidagi korxonalar, jumladan, “Avtomagistral”, “Toshkentko`prik” hamda “Transyo`lqurilish” tashkilotlari tomonidan amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi “O`zavtoyo`l” matbuot xizmati.
Masalan, Yunusobod tumani “Yuqori Qoraqamish”, “Moyqo`rg`on” va “Baraka” ko`chalaridagi jami 7,1 km uzunlikdagi joriy ta`mirlash, Sergeli tumani “Obihayot”, “Nilufar”, “Rayhon”, “Daryo bo`yi”, “Kanora” ko`chalaridagi 9,5 km uzunlikda to`la ta`mirlash ishlari boshlandi.
Toshkent shahridagi ko`chalarning infratuzilmasini rivojlantirish va ta`mirlash maqsadlari uchun 1-bosqichda - 20,6 milliard so`m, 2-bosqichda esa - 50 milliard so`m mablag` ajratilishi ko`zda tutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 fevraldagi “2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo`llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarorida butun Respublikadagi, jumladan, Toshkent shahridagi ichki yo`llar va ko`chalarning ta`mirlanishi tumanlar kesimida belgilab berilgan edi.
Yuqorida qayd etilgan uchastkalardagi yo`llarning ta`mir ishlari bilan quyidagi suratlar orqali tanishishingiz mumkin:













