Yagona insonning ezgulik yo`lidagi sa`y-harakati minglab odamlarni ilhomlantirishi, dunyoni ijobiy tomonga o`zgartirishi mumkin. Quyida sizga insonga umid baxsh etuvchi voqealarni havola etamiz.

Muhtojlar uchun oziq-ovqat mahsuloti qoldirish mumkin bo`lgan “Ezgulik javoni”
“Ezgulik javoni” aksiyasini Irkutsk shahar aholisi o`ylab topdi. Shaharning har bir fuqarosi supermarketdan inson uchun eng zarur bo`lgan ehtiyoj buyumlarini xarid qilishi va uni muhtojlar olishi uchun “Ezgulik javoni”da qoldirishi mumkin. Bugunga kelib Rossiyaning boshqa shaharlarida ham bunday javonlarni uchratish oddiy holga aylandi.

Etim bolalarning ta`lim olishi uchun 30 yil ko`cha supuruvchi bo`lib ishlagan xitoylik erkak
Xitoyda oddiy ko`cha supuruvchisi bo`lib ishlagan erkak yashab turgan uyini sotib, ijara uyga ko`chib o`tdi va o`ttiz yil davomida ishlab topgan pulini yordam sifatida ota-onasi tashlab ketgan, etim bolalarning ta`lim olishi uchun sarfladi. Uning bu ishi boshqa xitoyliklarni ham ilhomlantirib, ular ham etim bolalarga xayriya qilishdi.

Noma`lum erkak nevarasini ijtimoiy xizmat xodimlari olib qo`ymasligi uchun pensioner ayolga uy sovg`a qildi
Qozog`istonlik nomini oshkor etishni istamagan odam ota-onasiz etim qolgan nevarasiga vasiylik qilishi uchun o`z uyiga ega bo`lishi lozim bo`lgan pensioner ayolga uy sovg`a qildi. Mahalliy aholi ayolga uyni ta`mirlashda, mebel va texnika jihozlari sotib olishda yordam berdi.

Muhtojlar uchun kiyim-kechak, oziq-ovqat ilinadigan “Ezgulik ilgaklari”
“Ezgulik ilgaklari” aksiyasini Serbiya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovinya fuqarolari qizg`in qo`llab-quvvatladi. Ular har bir axlat konteyneri yoniga maxsus ilgak ilib qo`yishdi. Unga istagan odam muhtojlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak solingan xaltalarni ilib qo`yishi mumkin.

Uyiga qaytish uchun chipta olishga puli bo`lmagan odamlarga 350 000 aviamil hadya qilgan odam
Tadbirkor Piter Shankmen sayohat qilishni xush ko`radi. U Rojdestvo bayramiga uyga qaytish uchun chipta olishga qurbi etmagan odamlarga o`zi yiqqan 350 000 aviamilni sovg`a qildi. Piter o`zining bu ishi bilan minglab odamlarni ezgulik amallarini bajarishga ilhomlantirdi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham o`zlariga tegishli aviamillarni oilasi bag`riga qaytmoqchi bo`lgan odamlarga sovg`a qildi.

Peterburgda noma`lum homiy pensionerning 2,5 million rubl qarzini to`ladi
Sankt-Peterburgda noma`lum homiy samolyot sotib olgan pensioner uchuvchi erkakning soliq to`lashi uchun lozim bo`lgan 2,5 million rubl qarzini to`ladi. Sobiq uchuvchi bir paytlar o`zi uchgan samolyotni sotib olganiga qaramay, 20 yil mobaynida uning soliqlarini to`lolmagan. Hozirda pensioner uchuvchi samolyotni ta`mirlab, barcha xohlovchilar uchun aviasayohatni yo`lga qo`yishni niyat qilgan.

Imom sovuqda qolgan uysiz odamlarni issiq machitda tunashga taklif qildi
Saraevo shahrida yashovchi imom uysiz-joysiz odamlarni sovuqdan himoyalash maqsadida tunash uchun machitga taklif qildi. Millatidan, irqidan, dinidan qat`i nazar u machitga kelgan har bir odamni aziz mehmonday kutib oladi. Shahar aholisi imomning bu ishini qo`llab-quvvatlab, machitda tunagan odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik bilan siylashdi.

Avtomobil ehtiyot qismlarini o`g`irlatgan nogironga yordam bergan odamlar
Tomsk shahrida yashaydigan keksa, nogiron erkakning uyi yonida turgan avtomashinasi ehtiyot qismlarini noma`lum shaxslar o`g`irlab ketdi. Uning o`g`li ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan jinoyatchilarni izlab topishda yordam so`radi. Shahar aholisi jinoyatchilarni qidirib topmagan bo`lsa-da, avtomobil ehtiyot qismlari sotib olish uchun pul yig`ib berishdi. Ularning bu ishidan quvonchga to`lgan qariya ta`mirlangan avtomashinasida kuni bilan unga yordam bergan odamlarga bog`idagi olmalarni tashib, ulashdi.

Bir kunda 53 000 nafar daydi it va mushuklarga ega topildi
AQShning Texas shtatida har yili “Hayvonlar saqlanadigan joyni tozalash” (Clear the Shelters) aksiyasi o`tkaziladi. Aksiya jarayonida bir kunning o`zida o`nlab hayvonlar saqlanadigan joylardagi it va mushuklar odamlarga tekin tarqatiladi. 2016 yilda o`tkazilgan aksiyada shtatda mavjud bo`lgan 11 ta hayvonlar saqlanadigan joydagi 53 000 nafar it va mushuk egalariga topshirilib, bo`shab qoldi.

Sotuvchi Umar bolalar uyiga mevalar hadya etdi
Moskva bozorlaridan birida sotuvchi bo`lib ishlovchi Umar ismli erkak xaridorlardan biri bolalar uyi uchun mandarin sotib olayotganini eshitib, bir necha quti mevani bolalar uyiga sovg`a qildi.
“Adme.ru” nashri






