Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida Vazirlar Mahkamasining qarori imzolandi.
Milliy haydovchilik guvohnomasi namunalarining Yo`l harakati to`risidagi Konvensiya (Vena shahri, 1968 yil 8 noyabr) tavsiyalariga muvofiqligini ta`minlash, milliy haydovchilik guvohnomalarini hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomalarni ro`yxatdan o`tkazish va hisobga olish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi Ichki ishlar vazirligining milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalarini bosqichma-bosqich joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilishi haqida qaror qabul qildi.
Endilikda milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunasi, avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning yangi namunasi, avtomototransport vositasi texnik ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi talonning yangi namunasi tasdiqlandi.


2017 yil 1 oktyabrdan boshlab tegishli ravishda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishda — milliy haydovchilik guvohnomasining, avtomototransport vositasini ro`yxatdan o`tkazishda (qayta ro`yxatdan o`tkazishda) — avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning yangi namunalari beriladi;
yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi berilgan kundan boshlab 10 yil muddatga beriladi.
Amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2017 yil 1 oktyabr — 2018 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat`i nazar — ular egasining yozma arizasiga ko`ra ixtiyoriy ravishda;
2019 yil 1 yanvar — 2020 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat`i nazar — majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish 2017-2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich — avtomototransport vositasini majburiy texnik ko`rikdan o`tkazishda amalga oshiriladi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro`yxatdan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomalar 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari — «O`zbekiston temir yo`llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklandi.






