2017 yil 6 fevral kuni taxminan soat 18:30larda Toshkent shahar Uchtepa tumanida 4-5 nafar noma`lum shaxs qora rangli niqob va qo`lqob kiygan holda davlat raqami noma`lum bo`lgan, oq rangli “Neksiya-1” rusumli avtomashinada kelib, “Neksiya-2” rusumli avtomashina haydovchisi, Uchtepa tumanida yashovchi 1974 yilda tug`ilgan fuqaroga nisbatan kuch ishlatib, qo`llariga plastmassadan yasalgan kishan taqib, boshiga qora rangli niqob kiydirgan holda, avtomashinada noma`lum tomonga olib ketishgan. So`ng uning beliga qo`lbola, yasama moslama taqib, uni o`ldirish bilan qo`rqitib 20.000 (yigirma ming) AQSh dollari miqdorida pul talab qilishgan, deb yozadi O`zbekiston Respublikasi IIV Matbuot xizmati.
Mazkur holat yuzasidan 7 fevral kuni Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 137-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari va 165-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.
O`zbekiston Respublikasi IIV hamda Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan 5 nafar shaxslar qo`lga olindilar.
Jinoyatda gumonlanuvchilarning biri - muqaddam sudlangan, Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1968 yilda tug`ilgan shaxs, uning jinoiy sheriklarining 2 nafari Parkent tumanida yashovchi – 1969 yilda va 1978 yilda tug`ilgan, yana 2 nafari esa poytaxtning Uchtepa tumanida yashovchi 1984 va 1991 yilda tug`ilgan shaxslar ekanligi aniqlandi.
Olib borilgan, tezkor-surishtiruv ishlari natijasida, yuqorida qayd etilgan jinoyatni ular 1991 yilda tug`ilgan jinoiy sheriklarining “Neksiya” rusumli avtomashinada sodir etganliklari fosh etildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tezkor-tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






