O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 fevral kuni O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiyaning navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Asqar Maminni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, shu jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror va izchil rivojlanayotgani hamda mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
Davlatlarimiz rahbarlarining 2016 yil sentyabr oyida Samarqand shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o`zaro savdo hajmini tubdan oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatlarimizning etakchi korxonalari o`rtasida sanoat kooperasiyasini rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.
2016 yil yakunlariga ko`ra, o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan. O`zbekistonda qozog`istonlik hamkorlar ishtirokida tuzilgan 230 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Avtomobil va temir yo`l transporti, aviatashuvlar sohalarida an`anaviy faol hamkorlik qilib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakat o`rtasidagi samarali va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada faollashtirish, buning uchun avvalo savdo, investisiyaviy texnologiyalar va transport-kommunikasiya sohalarida hamkorlik bo`yicha aniq loyihalarni ishlab chiqish va qo`llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Ikki mamlakat hududlari o`rtasida o`zaro hamkorlik o`rnatish va mustahkamlash lozimligi, bu savdo va madaniyat sohalarida aloqalarni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida ta`kidlandi.
Asqar Mamin samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik izhor etdi va Qozog`iston O`zbekiston bilan keng ko`lamli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.






