Shavkat Mirziyoyev ommaviy sportni yanada kengaytirish, Prezident Olimpiadasini yilda ikki marta o‘tkazish hamda ilmiy yondashuvni kuchaytirish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni sport sohasida 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, yirik xalqaro musobaqalarda erishilgan natijalar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, aholining ommaviy sport bilan qamrovi 15 million nafarga yetgan, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni esa so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobarga oshgan. O‘tgan yili O‘zbekiston yoshlari qator xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etgan, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa esa ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Shu bilan birga, ayrim sport turlarida mavjud infratuzilma va salohiyatga mos natijalarga hali to‘liq erishilmayotgani ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini 17 million nafarga yetkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident Olimpiadasi orqali ochiq va shaffof seleksiya tizimini rivojlantirish, musobaqalarni yilda ikki marta o‘tkazish va sport turlari sonini bosqichma-bosqich 20 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Olimpiya shaharchasi va Milliy futbol markazi negizida yagona sport klasteri shakllantirish, sport fanini rivojlantirish, xususiy sektor va investorlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari joriy yil Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro sport tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda sportni ommalashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni to‘liq bajarish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.






