Konstitusiyamiz qabul qilinganining 24 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyatida bir qator madaniy-maishiy inshootlar, yangi ob`ektlar foydalanishga topshirildi, deb yozadi O`zA.
Urgut tumani prokuraturasining yangi binosi ham soha xodimlariga ana shunday bayram tuhfasi bo`ldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, mazkur binoni bunyod etish uchun 2 milliard 711 million so`mdan ortiq mablag` sarflangan.
Unda tuman prokuraturasi hamda soliq va valyutaga oid jinoyatlarga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tuman bo`limi xodimlari uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Tuman prokuraturasining yangi binosi jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudi va sud ijrochilar bo`limi yonida joylashgan. Ayni paytda tuman ichki ishlar bo`limi uchun ham har tomonlama qulay va zamonaviy bino qurilishiga kirishilgan. Bu tumandagi huquq-tartibot idoralarining jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish borasidagi hamkorligini mustahkamlash hamda faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ta`kidlash lozimki, tuman prokuraturasi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning profilaktikasi bo`yicha izchil faoliyat olib bormoqda. Buning natijasida tumanda umumiy jinoyatchilik o`tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 foizga kamaygan.





