Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasida Jeneva diplomatik doiralari Prezidenti Robert Blum bilan Shveysariyada fond vakolatxonasini ochish to`g`risida shartnoma imzolandi, deya xabar beradi O`zA.
Jamg`armaning Shveysariyada tashkil etilayotgan vakolatxonasi O`zbekiston tadbirkorlariga Evropa bozorini o`rganish asosida o`z mahsulotlarini eksport qilish, ishonchli hamkorlar topish, O`zbekiston va Shveysariya ishbilarmon doiralari o`rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatimiz tadbirkorlarining Shveysariyada o`tkaziladigan ko`rgazmalar, yarmarkalar, tender savdolari va biznes-forumlarda ishtirokini tashkil etishga ko`maklashadi.
Bundan tashqari, vakolatxona mamlakatimiz eksportchilariga Shveysariyada bojxona tartib-taomillaridan o`tishi uchun zarur sertifikatlar, lisenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga yordam beradi.
Qayd etish joizki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi Janubiy Koreya, Rossiya, Ispaniya, Italiya, Bolgariya kabi mamlakatlarda o`z vakolatxonalarini ochgan.





