AsosiyJamiyat

O`zbek diasporasi Rossiyadagi «Eshak» restorani reklamasini haqoratli deb topdi

O`zbek diasporasi Ekaterinburgda ochilayotgan, aktyor va qiziqchi Sergey Svetlakovga tegishli «Eshak» restorani reklamasidan norozi bo`ldi. Bu haqda «Ural-O`zbekiston do`stlik jamiyati» raisi Obid Turatov ma`lum qildi, deb yozadi “Daryo” “Znak.com” saytiga asoslanib.

Uning so`zlariga ko`ra, reklama plakatida sharqona libos kiyib, qo`lida qozon tutgan holda eshakning yonida o`tirgan Svetlakov o`zbek xalqining «salbiy va haqoratli» qiyofasini yaratadi.

Nashr ta`kidlashicha, Turatov Sverdlovskaya viloyatidagi inson huquqlari bo`yicha vakil apparatiga hamda Ekstremizmga qarshi kurash markaziga murojaat qilgan. Bundan tashqari, rais prokuraturaga shikoyat qilmoqchi.

«Ushbu haqoratli reklama olib tashlanishiga erishmoqchiman. Dushmanlik urug`i sochilmasligi uchun. Aytaylik, xalqimizning yosh vakillari sarxushlik holatida ushbu reklamani ko`rib qolib, restoranning oynalarini sindirsa, nima bo`ladi?» — deya aniqlik kiritdi Turatov.

«Bizda Toshkentda negadir ‘Cho`chqa’ deb ataluvchi rus taomlari restorani yo`q. Chunki bu ham xuddi shunday haqorat bo`lgan bo`lardi!» — deya qo`shimcha qildi u.

Shikoyatlarga javoban, restoranni boshqaruvchi Bulldozer Group kompaniyasining marketing bo`yicha direktori Olga Glushkova ushbu reklama kimningdir hislarini haqorat qilish maqsadiga ega emasligini ta`kidladi. «Sergey Svetlakov bu voqeadan juda xafa bo`ldi. Bizning tushunishimizcha, shu tariqa biz orqali ‘piar’ qilishmoqchi. Bu voqea to`lig`icha to`qib chiqarilgan. Bizning restoran o`zbek taomlari emas, Sharq taomlariga asoslangan. O`z nomimiz bilan biz hech kimni haqorat qilmayapmiz», — dedi u.

Boshqa yangiliklar