AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik tadbirkorlar Seuldagi xalqaro ko`rgazmada ishtirok etdi

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida “World Food Expo Korea – 2016” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi, deb xabar beradi O`zA. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko`paytirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida mamlakatimizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 5 oktyabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investisiyaviy muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko`rsatishini qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirishga xizmat qilmoqda. 

Sohada amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar samarasida “Made in Uzbekistan” yorlig`i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o`rin egallamoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bunga muayyan hissa qo`shmoqda. Tadbirkorlarning chet ellarda o`tkazilayotgan yirik xalqaro yarmarkalar, biznes-forum va kooperasion birjalarda ishtirok etishi, xaridorlar topishi va shartnomalar tuzishiga ko`maklashmoqda. 

O`zbekiston o`rik, olxo`ri, uzum, yong`oq, karam va boshqa ko`plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo`yicha dunyodagi o`nta etakchi davlat qatorida turadi. Mamlakatimizda qishloq xo`jaligida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. So`nggi uch yilda tashqi bozorga yo`naltirilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi. 

Ishbilarmonlarimiz turli mamlakatlarda o`tkazilayotgan xalqaro yarmarka va ko`rgazmalarda ishtirok etib, mahsulot va xizmatlariga yangi bozorlar topmoqda. “World Food Expo Korea – 2016” ko`rgazmasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. 

Xalqaro ko`rgazmada dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan yuzlab firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda oziq-ovqat mahsulotlari, ularni etishtirish va qayta ishlashga oid eng so`nggi yutuqlar namoyish etildi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan ma`lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko`rgazmada tadbirkorlarimiz tomonidan jami ikki yuz ming dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolandi. Ko`rgazmada O`zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o`zaro aloqa o`rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbir ishtirokchilari O`zbekiston milliy stendida mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.

Boshqa yangiliklar