AsosiySiyosat

Yangi Zelandiya va Venesuelaning O‘zbekistondagi Elchilari tayinlandi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yangi elchilardan ishonch yorliqlarni qabul qilib oldi.

'Yangi Zelandiya va Venesuelaning O‘zbekistondagi Elchilari tayinlandi'ning rasmi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Yangi Zelandiyaning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchisi Mark Julian Treynorni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Yangi Zelandiyaning O‘zbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Mark Julian Treynor janoblarini qutladik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng qamrovli kun tartibini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilishlari lozim. Muloqot davomida barqaror qishloq xo‘jaligi, sanoatni rivojlantirish, "yashil" iqtisodiyot, tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratdik. Janob Elchini tabriklaymiz!"

Mark Julian Treynor 2023-2024 yillarda Yangi Zelandiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlagan Sara Meri Uolsh o‘rniga tayinlandi. O‘zbekiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 11 martda o‘rnatilgan.

2019 yil 1 fevralda O‘zbekiston Yangi Zelandiya fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz tartibni joriy qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Venesuela elchisi Rosalba Lo Buye Antikoni qabul qildi.

"Bugun Tashqi ishlar vazirligida Venesuelaning O‘zbekistondagi Elchisi Rosalba Lo Buye Antiko xonim bilan uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Geografik joylashuv jihatdan uzoq masofaga qaramay mamlakatlarimizni bir-biriga yaqinlashtirish uchun aloqalarni bog‘lashga qaratilgan ko‘priklar barpo etishga kelishib oldik. Yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, parlamentlararo hamkorlikka ko‘maklashish, bilim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash va boshqa masalalar yuzasidan batafsil fikr almashdik. Elchi xonim, O‘zbekistonga xush kelibsiz!".

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Venesuela o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1996 yil 26 aprelda o‘rnatilgan.

    Boshqa yangiliklar