Aslida, necha yoshdaligimiz emas, yasharib-yashnab yurishimiz hammasidan muhim! Bu, tabiiyki, yuzdagi ajinlaru sochdagi oq tolalargagina emas, balki xatti-harakatlarimiz, o`zimizni tutishimiz, muomala madaniyatimizga ham bog`liq. Zero, birgina imo-ishora bilan o`n yoshga yasharish mumkin yoki... qartayish...
Muomala ham san`at!
Yosh qizaloqlar bir gapirib, o`n kuladilar. Ularga gap “otish” ham, ular bilan hazillashish ham oson. Buni qarama-qarshi jins vakillari darrov anglashadi. Kattaroq ayollar esa (qanchalik yosh ko`rinishmasin) birgina ko`z qarashlari bilan asl yoshlarini «sotib» qo`yishadi. Yosh kattalashgani sayin ayol kishi kamroq uyaladi, qizaradi va ko`zlarini olib qochadi. Gap “otgan”larni esa bir so`z bilan joyiga “o`tqazib” qo`ya biladi. Bu hammasi erkakcha jinsiy gormonlar ta`siri. Chunki yillar o`tgani sayin organizmda ularning miqdori birmuncha ortadi. Tashqaridan qaraganda, buning yomon tomoni yo`q, ammo muomalada bu o`zini ko`rsatib qo`yadi: ayolda qat`iyat, shafqatsizlik, to`g`riso`zlik xislatlari tobora ko`proq namoyon bo`la boshlaydi. Bu xususiyatni o`zgartirishning keragi yo`q, chunki u ayolga yangi imkoniyatlar darvozasini ochadi (masalan, karera borasida). Ammo zarur o`rinlarda buni biroz jilovlab, muloyimlik, xush muomala va shirinso`zlik xislatlarini ham namoyon etib turish lozim.
Qadam tashlash qoidalari
Yillar o`tgani sayin zimmamizdagi vazifalar yuki tobora orta boradi va bu xatti-harakatlarimiz, xususan, yurish-turishimizga ham o`z ta`sirini o`tkazadi. Ya`ni ayol avvalgiga nisbatan og`irroq, sekinroq qadam tashlaydigan bo`lib qoladi. Ko`pchilik erkaklar bizning qanday odimlayotganimizga qarab, yoshimizni aniqlar ekan. Demak, elkalarimizni to`g`ri tutib, dahanni biroz ko`tarib, ohista va engil qadam tashlashimiz kerak. Chiroyli yurishni o`rganish uchun quyidagi mashqlarni bajarish lozim: 1. Devorga orqamizni qapishtirib turamiz (3 daqiqagacha) va u yoqdan bu yoqqa shu holatni saqlab qolgan holda yurishga harakat qilamiz. 2. Boshga kitob qo`yib olib, yurishni o`rganamiz (1 daqiqadan 10 daqiqagacha). 3. Oyoq uchida yuramiz (10-15 daqiqa).
Nutqdagi o`zgarishlar
Yosh ulg`aygani sayin, avvalo, ovoz, qolaversa, nutq o`zgaradi. Inson yoshi qanchalik katta bo`lsa, shunchalik sekin, so`z va gaplar orasida ko`proq tin olib gapiradigan bo`ladi. Atrofdagilar buni his etadilar. Hatto qanday kulishimiz ham yoshimizni oshkor qilar, yoshi kattalarning kulgusi chuqurroq, ya`ni ko`krakdan chiqayotgan ovoz jo`rligida bo`lar ekan. Biroq mutaxassislar ogohlantiradilar: ovozni yoshartiraman, deb ataylab yoshga xos bo`lmagan diapazonda so`zlash va kulishga urinish xavfli. Chunki bunda ovoz paychalariga haddan ziyod ko`p og`irlik tushadi, natijada, tovush xirillab qolishi mumkin. Ovozni avaylash, u haqda yoshlikdanoq qayg`urish kerak (masalan, tamaki chekmaslik, tutun hidlamaslik, qattiq baqirmaslik, stress va sovuqdan himoyalanish lozim). Shunda ovozingiz yoqimliligicha qoladi.
Tashqi ko`rinishga e`tibor
Ayollar hamma yoshda ham tashqi ko`rinishlariga e`tiborli bo`ladilar. Ammo yosh qizchalar ko`proq kiyim-kechak, aksessuarlarga o`ch bo`lib, vaqti-vaqti bilan o`zlarini oynaga solishadi, kiyimlarini yoki sochto`g`nag`ichlarini tez-tez to`g`rilab turishadi. Kattaroq yoshdagi ayol esa ko`proq yuziga e`tibor beradi: yangi ajin paydo bo`lmadimi, ko`z osti salqimaganmi, soch turmagi yarashib turibdimi – shu savollar uni ko`proq qiziqtiradi. Qanchalik yosh ko`rinmasin, ko`zguga boqqanida barmoqlari bilan terisini silaydi, dahanini ko`tarib bo`yniga razm soladi, peshanasiga tushib turgan sochlarini to`g`rilaydi. Bu xatti-harakatlar ayolning yoshini oshkor qilishi, shubhasiz. Shu sababli o`zingizga ishoning va sizni «qarituvchi» shunday odatlarga berilib ketmang.
Test: aslida, yoshingiz nechada?
Jismoniy yoshingizni pasportdagisi bilan solishtirish uchun sizga sekundomer (qo`l tetefoningizda bor), chizg`ich, sham va bir yordamchi kerak.
1. Teri holati
Qo`l kaftining orqa tomonidagi teringizni bosh va ko`rsatkich barmoqlaringiz bilan 5 soniya siqib, ushlab turing. Hosil bo`lgan burma qancha vaqt ichida asl holiga qaytdi?
5 sekundgacha – 20 yosh
6 – 8 s. – 30 yosh
9 – 12 s. – 40 yosh
13 – 15 s. – 50 yosh
16 – 19 s. – 60 yosh
19 sekunddan ortiq – 70 yoshdan ortiq.
2. Tezkorlik darajasi
Yordamchingiz 50 sm. uzunlikdagi chizg`ichning 0 tomonini pastga qarata ushlab tursin. Hushyor turing! Yordamchingiz ogohlantirmay turib, chizg`ichni qo`yib yuborishi, siz esa uni bosh va ko`rsatkich barmoqlaringiz bilan ushlab olishingiz kerak. Ko`ring-chi, qaysi ko`rsatkichda chizg`ichni ushlab oldingiz.
20 sm. gacha – 20 yosh
30 sm. – 30 yosh
35 sm. – 40 yosh
40 sm. – 50 yosh
45 sm. – 60 yosh
Ushlab qolishga ulgurmadingiz – 70 yosh va undan ortiq.
3. Chidamlilik
Tik turgan holatda yurak urishingizni bir daqiqa davomida sanang. Keyin tez-tez 20 marta o`tirib-turing. Pulsingiz qanchalik yuqori ko`tarilganini sanang.
10 tepkigacha – 20 yosh
10 – 20 tepki – 30 yosh
20 – 30 tepki – 40 yosh
30 – 40 tepki – 50 yosh
40 va undan ko`p – 60 yosh
Yigirma marta o`tirib-turishga ulgurmadingiz – 70 yosh va undan yuqori.
4. Muvozanat
Ko`zlaringizni yuming, bir oyoqda turing, ikkinchi oyog`ingizni ko`tarib, birinchisining boldiriga tirang. Yordamchingiz shu holda qancha tura olishingizni sekundomer yordamida aniqlab bersin.
30 soniya va undan ortiq – 20 yosh
25 soniya – 30 yosh
20 soniya – 40 yosh
15 soniya – 50 yosh
10 va undan kam – 60 yosh
Bunday holatda umuman tura olmaysiz – 70 va undan ortiq.
5. Zehn sinovi
|
11 |
14 |
22 |
4 |
7 |
|
19 |
1 |
16 |
25 |
20 |
|
23 |
13 |
24 |
2 |
8 |
|
10 |
3 |
9 |
17 |
12 |
|
18 |
15 |
6 |
5 |
21 |
Barmog`ingizmi yoki qalam bilan katakchalardagi 1 dan 25 gacha bo`lgan raqamlarga teginib chiqing. Bunga qancha vaqt ketdi?
30 – 35 soniya – 20 yosh
36 – 40 soniya – 30 yosh
41 – 50 soniya – 40 yosh
51 – 60 soniya – 50 yosh
61 – 65 soniya – 60 yosh
66 soniyadan ko`p – 70 yosh va undan ortiq.
6. O`pkadagi o`zgarish
Sham yoqing. Uni qancha masofadan bir puflashda o`chira olasiz?
1 metr – 20 yosh
80 – 90 sm. – 30 yosh
70 – 80 sm. – 40 yosh
60 – 70 sm. – 50 yosh
50 – 60 sm. – 60 yosh
50 sm.dan kam – 70 yosh va undan ortiq.
7. Jismoniy kuch
Erga yotib oling. Shu holatda qo`llaringiz va oyoqlaringizga tiranib, tanangizni vertikal holatda erdan qancha balandlikkacha ko`tara olasiz?
40 marta – 30 yosh
35 marta – 40 yosh
28 marta – 50 yosh
23 marta – 60 yosh
12 martadan kam – 70 yosh va undan ortiq.
ShAHINA tayyorladi





