Jeki Chan “Oskar” mukofotini qo`lga kiritdi, deb xabar berdi “Tengrinews.kz” nashri.
Mashhur aktyor Jeki Chan bu mukofotga kino san`atiga qo`shgan hissasi tufayli erishdi. Mukofotning taqdimot marosimi shanba kuni Los-Anjelos shahrida bo`lib o`tdi.
“200 ta filmda suratga tushish jarayonida sinmagan suyagim qolmadi, shuning uchun ham “Oskar” meniki bo`lishi kerak”, deb hazillashdi 62 yoshli aktyor mukofotni qabul qilib olayotganda.
Amerika kinematografiya akademiyasi mazkur mukofotni 1948 yilda ta`sis etgan.
Jeki Chan Forbes jurnalining 2016 yilgi eng qimmat haq oluvchi aktyorlar ro`yxatidan ikkinchi o`rinni egalladi. Uning daromadi 61 million dollarni tashkil etadi.
Jeki Chan 62 yoshga kirganiga qaramay, dunyoda jangovor filmlarda ishtirok etuvchi eng mashhur va mahoratli aktyor hisoblanadi. U jangari filmlar bilan bir qatorda komediya filmlarida ham rollarni mahorat bilan ijro etadi, jang sahnalarini o`zi mustaqil ravishda sahnalashtiradi. Gollivudning Shon-shuhrat xiyobonida Jeki Channing o`z yulduzi bor, bundan tashqari Gollivuddagi Xitoy teatrida barmoq izlarini qoldirgan ilk osiyolik aktyor hisoblanadi.





