O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`on o`rtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan 2016 yil 6 dekabr kuni telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi.
Rejep Tayyip Erdo`g`on Shavkat Mirziyoevni 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishonchli g`alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi, deya xabar beradi O`zA.
Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etdi va 18 noyabrda Samarqandda oliy darajada o`tgan O`zbekiston – Turkiya o`rtasidagi serqirra muloqot va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanini ta`kidladilar.
Turkiya rahbari Turkiya delegasiyasining O`zbekistonga tashrifi davomida samimiy qabul va mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar bugungi ikki tomonlama munosabatlar o`zbek va turk xalqlarining tarixi hamda ma`naviyati mushtarakligining mustahkam asosiga tayanishi va o`zaro manfaatlarga javob beradigan amaliy natijalarga erishishni maqsad qilganini alohida ta`kidladilar.
O`zbekiston bilan Turkiya sheriklik munosabatlarini iqtisodiy, investision-texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ulkan salohiyat inobatga olingan holda, yangi mazmun bilan boyitish tarafdori ekani qayd etildi.
Tomonlar, tashqi siyosat mahkamalari, vazirliklar va iqtisodiy tuzilmalar o`rtasida aloqalarni faollashtirishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o`tkazish to`g`risida kelishib olindi.
Suhbat chog`ida Samarqandda o`tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida o`zaro manfaatli investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun muayyan sohalar belgilandi.
O`zbekiston va Turkiya rahbarlari o`zaro rasmiy tashrif almashishga kelishib oldilar va shu munosabat bilan manfaatdor vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Suhbat ochiq va amaliy ruhda o`tdi.





