Mamlakatimizga Qozog`iston Respublikasining turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vakillaridan iborat delegasiyasi tashrif buyurdi, deb yozadi O`zA.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatining “G`ishtko`prik” bojxona postida o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbaev, Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Sh.Turdiqulov va boshqalar O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi hamkorlik munosabatlari yildan-yilga rivojlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar yuksalib borayotganini ta`kidladi. Azaldan yaqin qo`shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotgan o`zbek va qozoq xalqlarining tarixi, tili, urf-odat, an`ana va qadriyatlari ham o`xshash.
Delegasiya a`zolari dastlab poytaxtimizda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Hazrati Imom jome` masjidi bilan tanishdi. O`zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo`limi mudiri M.Shokirov mehmonlarga majmuaning tarixi, mustaqillik yillarida bu erda amalga oshirilgan keng ko`lamli tiklash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, majmuada joylashgan tarixiy obidalar haqida ma`lumot berdi.
Shundan so`ng mehmonlar xalqimizning muqaddas islom diniga oid boy ma`naviy-madaniy merosini asrab-avaylash, diyorimizdan etishib chiqqan buyuk allomalarning asarlarini chuqur va har tomonlama o`rganish, shu sohada ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, zamon talablari darajasida malakali mutaxassislar tayyorlash, ularga zarur sharoitlar yaratish, shuningdek, ajdodlarimizdan qolgan noyob manbalar asosida tadqiq etilgan ma`lumotlarni xalqimizga etkazishga xizmat qilayotgan Toshkent islom universitetida bo`ldi.

Delegasiya a`zolari XIV asrning 80-yillarida Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan, keyinchalik Mirzo Ulug`bek tomonidan qurilishi yakuniga etkazilgan Zangiota majmuasini ziyorat qildi. O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari I.Inomov majmua tarixi, mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida bu erda amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari tufayli majmua butunlay yangi qiyofa kasb etgani, ziyoratchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida so`zlab berdi.
Mehmonlar Zangiota tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan tanishtirildi. Ular O`zbekistonda zamonaviy ta`lim va tibbiyot muassasalari, muhtasham turar joylar, sport inshootlari barpo etish bilan birga, odamlar ko`ngilli dam oladigan madaniyat va aholi dam olish markazlari qurilishiga ham alohida e`tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Delegasiya a`zolari tumandagi “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig`inida bo`lib, hududda amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari, jumladan, qishloq ahli uchun namunaviy loyihalar asosida qad rostlagan zamonaviy uy-joylar bilan tanishdi.

Uch mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mazkur mahallada namunaviy loyihalar asosida 180 uy-joy barpo etilgan. Yangi uylar tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta`minlangan, alohida kanalizasiya qudug`i hamda isitish tizimiga ega. Ko`chalar keng, yo`l chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ekilgan. Mehmonlar mahalladagi otalar choyxonasi – guzar, savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari, bolalar sport maydonchalari va stadion faoliyatiga yuksak baho berdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi o`rinbosari D.Mirzajonova, “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig`ini raisi I.Yunusmatov va mahalla faollari qozog`istonlik mehmonlarning mahalla instituti faoliyati haqidagi savollariga atroflicha javob qaytardi.
Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mahalla instituti faoliyatini takomillashtirish, uning jamiyat hayotidagi ishtiroki, vazifa va vakolatlari doirasini yanada kengaytirish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar, mahalla, mahalla raisi va uning vazifalari haqidagi ma`lumotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuvda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilgan izchil islohotlar jarayonida mahalla institutining davlat va jamiyat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan alohida e`tibor yuksak samaralar berayotgani ta`kidlandi. Davlat boshqaruvi organlarining ko`plab huquq va vakolatlari fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga berilgani, natijada hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, ma`naviy muhit barqarorligiga erishish, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, aholi bandligini ta`minlash singari o`nlab vazifalar aynan mazkur institutda amalga oshirilayotgani hayotiy misollarda ko`rsatib berildi. Ayniqsa, mahalla posboni hamda diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy masalalar bo`yicha maslahatchining vazifalari, “mahalla – ta`lim muassasasi – oila” hamkorligi faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg`otdi. Bugungi globallashuv davrida yoshlarni yot g`oyalar va turli illatlardan asrash, navqiron avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda o`zini o`zi boshqarishning noyob usuli – mahalla institutining o`rni va ahamiyati beqiyos.

Mamlakatlarimiz madaniyat va san`at sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. O`zbekiston xalq ustalari Olmaota shahrida o`tkaziladigan Markaziy Osiyo hunarmandlari ko`rgazma-yarmarkasida muntazam ishtirok etadi. Ostona, Olmaota va boshqa shaharlardagi badiiy galereya va muzeylarda mashhur o`zbek musavvirlarining ko`rgazmalari namoyish qilinadi. O`zbekiston musiqa va teatr jamoalarining Qozog`istonga gastrollari muntazam yo`lga qo`yilgan. Qozog`istonlik san`atkorlar Samarqandda o`tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va boshqa ko`plab yirik madaniy tadbirlarning faol qatnashchilaridir. Poytaxtimizdagi “Kamolot” yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan millatlararo do`stlikni targ`ib etuvchi rasmlar ko`rgazmasi va konsert dasturida bu alohida ta`kidlandi.

Qozog`iston Respublikasi delegasiyasining tashrifi samimiy do`stlik va o`zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari rivojidagi yana bir muhim voqea bo`ldi.





