Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Novosibirsk viloyati bo‘yicha voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazi xodimlari kuzatuvida Andijon viloyatida yashovchi voyaga yetmagan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.
Mazkur holatga ko‘ra, bola ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida Rossiya Federatsiyasiga borgan bo‘lib, ammo ushbu ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqaro ota-onasi qarovisiz qolgan deb e’tirof etilgan.
Shu munosabat bilan, 2002 yil 7 oktyabrda qabul qilingan Minsk konvensiyasi doirasida voyaga yetmagan fuqaro O‘zbekistonga qaytarilishi lozimligi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil davomida 100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik voyaga yetmagan fuqarolar vatanga qaytarilib, ularning ota-onalari yoki yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan xorijda qiyin vaziyatga tushgan bolalarni vatanga qaytarish va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar davom etmoqda.