2016 yilgi mavsum Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi uchun juda muvaffaqiyatli tarzda kechdi. Jamoa ham chempionatda, ham kubok bahslarida zafar quchib, ichki maydonda oltin dubl qayd etdi.
Qolaversa, “Temiryo`lchilar” Osiyo Chempionlar Ligasida ham chorak finalga qadar etib borib, yurtimizdagi minglab futbol ishqibozlarini chiroyli g`alabalar bilan xushnud etdi.
Mana bir necha kundan buyon klub rasmiy saytida mavsum yakunlarini e`tiboringizga havola etib bormoqdamiz. Bu safar mavsum davomida eng ko`p gol urganlar haqida ma`lumot berib o`tamiz.
Shu o`rinda alohida qayd etish joizki, 2016 yilgi mavsum Temurxo`ja Abduxoliqovniki bo`ldi, desak xato bo`lmasa kerak. Zero mahoratli hujumchi yil davomida uchala turnirda ham tez-tez gol kiritib turdi va yakunda jamoa to`purari nomini qo`lga kiritdi. Temurxo`ja Oliy Ligada 22ta gol urgan bo`lsa, kubok bahslarida 6 marta raqiblari darvozasini ishg`ol qildi. Chempionlar Ligasida esa Abduxoliqov 3 bor o`z nomini tabloga yozdirib qo`ydi. Shu tariqa, jamoamiz ishqibozlarining sevimli o`yinchisiga aylangan Temurxo`ja Abduxoliqov 2016 yilda jami 31ta gol kiritishga erishdi.
“Lokomotiv”ning ikkinchi to`purari esa tajribali yarim himoyachi – Sardor Mirzaev bo`ldi. U Oliy Ligada 13ta, kubokda 3ta va OChLda 2ta gol urdi. Marat Bikmaev esa ichki chempionatda 13 marta va xalqaro maydonda 1 bora raqiblar darvozabonlarini hafa qildi.





