AsosiySUG'DIYONA

«Nozik muomala»ga tayyormisiz?

Muhabbat — ko`ngillar jipslashuvi. Demakki, har bir ayol umr yo`ldoshini hamisha go`zal chehra bilan qarshilashi lozim. Zero, er-xotin munosabatlarida sog`lik, pokizalik va xushmuomalani muhim sanagan ayol juftu halolining yanada ko`proq mehriga sazovor bo`ladi. Buni siz ham istasangiz, quyidagi maslahatlarga befarq bo`lmaysiz, deb o`ylaymiz.

  1. Hammamiz yoqtirib tomosha qiladigan “Kelinlar qo`zg`oloni” badiiy filmida aytilganidek, erning ishdan kelishini xuddi bayramdek nishonlash lozim! Toki, turmush o`rtog`ingiz ishxonasida o`ziga oro berib yuradigan hurliqolarga ko`zi tushganida uyda o`zining farishtasi kutib o`tirganligini yoddan chiqarmasin. Buning uchun, tabiiyki, shirinzabon bo`lishingiz, uni yog` hidi anqimaydigan ozoda libos, chiroyli soch turmagi, pardozli chehra bilan kutib olishingiz zarur.
  2. Uyingiz, ayniqsa, hobgohni kuniga kamida bir marta shamollatib turing. O`zingiz o`ylang, yoqimsiz hid o`rnashib qolgan xonada romantik kayfiyatga berilish mumkinmi? Albatta, yo`q. Bilasiz, bugun meva va gullar ifori bilan to`yintirilgan shamchalarni deyarli har bir do`kondan topish mumkin. Ulardan uch-to`rttasini xarid qiling, natijasi ikkingizni ham quvontirishi aniq.
  3. Aksariyat erkaklar xushbo`y atir hidini yoqtirishadi. Shunga ko`ra ish tuting! Vanna yoki dush qabul qilayotganingizda dush uchun geldan foydalansangiz yanada yaxshi. Shuningdek, tananing nozik a`zolariga mo`ljallangan nam sochiqchalar ham mavjud. Shoshilinch holatlarda ular ayni muddaodir.
  4. Og`iz bo`shlig`i gigienasi haqida ham qayg`uring. Unutmang, kasallangan tish (masalan, karies)lar va yuvilganda (misol uchun, olma tishlaganingizda) qonaydigan milk davolanmasa, ming xushbo`y saqich chaynaganingiz bilan og`zingizdan yoqimsiz hid kelaveradi. Bu esa erkak kishining mayli so`nishiga sabab bo`luvchi asosiy sabablardan biridir.   
  5. Bundan tashqari, ba`zilarda teri bezlari o`ta faol ishlagani bois qo`ltiq ostida namlik ajralib, noxush hid anqiydi. Bundan xalos bo`lish uchun yaxshilab yuvib, artilgan terini tuz bilan o`n-o`n besh soniya ishqalash, so`ng yana sovunlab yuvib, artish kerak. Ushbu muolajadan so`ng kislorodli (bu yorliqda qayd etilgan bo`ladi) antiperspirant surtish (yoki sepish) mumkin. Agar shunday ham noxush hid yo`qolmasa, dermatolog-shifokorga murojaat qilib, davolanish kerak. 
  6. Turmush o`rtog`ingiz bilan kundalik munosabatlaringizni qaytadan tahlil qilib chiqing. Agar kun davomida bir-biringizga biror marta ham shirin so`zlar bilan murojaat etmagan bo`lsangiz. Darhol bu holni to`g`rilashga kirishing. Agar eringiz sizni erkalashni “yodidan chiqarib” yuborgan bo`lsa, tashabbusni qo`lingizni oling. Sizning shirinsuhanligingiz eringizga ta`sirini o`tkazmay qolmaydi
  7. Sevgi SMSlarini faqat uchrashuv davridagi yoshlar ishlatadi degan, bid`atni yodingizdan chiqaring. Kuniga ikki-uch marta “muhabbatnoma” yozishni kanda qilmang. Bu bilan ham turmush o`rtog`ingizning kayfiyatini ko`tarasiz, ham yana bir bora unga o`zingiz haqingizda eslatasiz.
  8. Ko`rpa-to`shaklar jildlarini tez-tez almashtirib turishga odatlaning. Hech bo`lmasa yilda bir yangi jildlar xarid qilishni kanda qilmang!

   

Intim gigienaning oddiy qoidalariga amal qilish bilan o`zingiz va begingizning sog`lig`ini asragan bo`lasiz. Doimo sevimli bo`lib qoling!

ORZU tayyorladi.

Boshqa yangiliklar