O`zbekiston Futbol Federasiyasi 2016 yilning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisini aniqlash bo`yicha Respublika bo`ylab so`rovnoma boshlanganligi haqida e`lon qiladi.
Co`rovnomaning yanada xolisligini ta`minlash maqsadida unda jurnalistlarning mustaqil ravishda to`g`ridan-to`g`ri ishtirok etishi 2015 yildan boshlab cheklangan edi. O`sha tizimga asosan ovoz berish jarayonida tahririyatlar ishtirok etadi.
So`rovnomada O`zbekiston va chet eldagi ommaviy axborot vositalarining tahririyatlari ovoz beradilar.
Mustaqil jurnalist, kolumnist va nyusmeykerlar, shuningdek, sport blogerlarining ovozlari yakunda mustaqil jurnalistlar guruhi ostida birlashtiriladi va bitta ovoz sifatida so`rovnomada qatnashadi. Futbol klublari va terma jamoalarning matbuot xizmatlari ovozi ham yagona “Matbuot xizmatlari” guruhi ostida birlashtirilib, yagona ovoz sifatida so`rovnomada ishtirok etadi.
Yilning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi nomi (ikki alohida nominasiya hisoblanib) umumiy ballar yig`indisiga qarab aniqlanadi.
Har bir tahririyat 3 nafar murabbiy va 3 nafar futbolchini mukofotga loyiqlik darajasi bo`yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o`rinlarga qo`yib chiqadi. Ikkala nominasiya bo`yicha ham 3 ta qator to`ldirilishi shart.
Futbolchi va murabbiylar uchun berilgan ovozlar quyidagi tartibda hisoblanadi:
1-o`rin uchun – 3 ball
2-o`rin uchun – 2 ball
3-o`rin uchun – 1 ball
Yilning eng yaxshi murabbiyi va futbolchisiga ovoz berish asnosida murabbiy va futbolchining yil davomidagi faoliyatiga nazar tashlanadi.
Ovoz berayotgan tahririyat to`rtta asosiy kriteriyaga rioya qilishi kerak:
1. Yil davomidagi individual va jamoaviy ravishdagi
yutuqlari
2. Iste`dod, iqtidor va Fair Play.
3. Karera
4. Shaxsiyati va uning boshqalarga ta`siri
O`zbekiston oliy ligasidagi o`zbekistonlik bo`lmagan xorijlik murabbiy yoki legionerlar so`rovnomada ishtirok eta olmaydi.
Tahririyat o`z ovozini rasmiy maktub bilan O`FF Matbuot xizmatining elektron pochtasiga, shuningdek faks orqali jo`natishlari lozim. Ovoz berish 2 dekabrdan ochiq va 25 kun davom etib, 2016 yilning 27 dekabr kuni dekabr kuni soat 18:00 da to`xtatiladi.
Ovozlar quyidagi manzilga jo`natiladi:
Manzil: Toshkent 100011
O`zbekiston shoh ko`chasi 98 A uy
Faks: +99871 - 244-16-83. Email: media@the-uff.com





