Avvalroq, Koreya Respublikasining O`zbekistondagi elchisi Kim Xi-sang diplomatik missiyasini yakunlayotgani haqida xabar qilgandik.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Elchi bilan uchrashib, O`zbekistonda bo`lgan davrida alohida strategik sheriklikni boyitishga qaratilgan fidokorona xizmati uchun o`z minnatdorligini bildirgan edi.
Bugun, 7 iyun kuni TIV rahbari Koreyaning O`zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Von Do Yon janoblarining ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda vazir o`zining Telegram kanalida xabar qildi.
"Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Janobi Oliylarining mamlakatimizga bo`lajak tashrifini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Prezidentlar sammitiga tayyorgarlik ko`rish, qo`shma loyihalarni amalga oshirish, davlatlarimiz o`rtasidagi an`anaviy yaqin aloqalarda yangi o`sish nuqtalarini kashf etish masalalariga alohida e`tibor qaratdik",- deb yozadi Saidov.
Suhbat so`nggida TIV vaziri Elchiga O`zbekistondagi faoliyati davomida muvaffaqiyatlar tiladi.






