O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o`zbek xalqiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g`alabaning 79 yilligi munosabati bilan tabrik yo`lladi.
“Mo``tabar faxriylarimizni, ko`p millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ushbu qutlug` kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat ko`rsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g`alabani ta`minlashga munosib hissa qo`shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz.
Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yo`lida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi bo`lib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz.
Ayni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda o`z xizmat burchini ado etish yo`lida halok bo`lgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz.
Qadrli do`stlar!
Bugun barcha shahar va qishloqlarimizda o`tkazilayotgan tadbirlarda bu mudhish urush el-yurtimiz uchun qanday mislsiz talafot va musibatlar olib kelganini yana bir bor yodga olishimiz tabiiydir. O`sha og`ir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod o`zbekistonlik jangchilardan 538 mingdan ko`prog`i halok bo`lgani, 158 mingdan ortig`i bedarak yo`qolgani, 870 mingdan oshig`i turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo`lib qaytgani bu g`alaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol ko`rsatib turibdi. Ana shu qirg`inbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt o`tgan bo`lsa-da, hamon unutib bo`lmaydi.
Urush davrida 214 ming askar va ofiserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo`lgani biz uchun, hech shubhasiz, buyuk g`alabaning eng yorqin sahifalarini tashkil etadi.
Metin irodali xalqimiz o`sha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo`naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko`chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog`, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar etkazib berdi.
O`zbekiston aholisi 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag`ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g`alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo`lib qo`shildi.
Xalqimiz yuksak odamiylik fazilatini namoyon etib, urush hududlaridan evakuasiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berdi. Ota-onasidan judo bo`lgan 250 ming nafar etim bolalarga mehr-oqibat ko`rsatib, so`nggi burda nonini ham ular bilan baham ko`rdi.
Aziz vatandoshlar!
Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining timsoli sifatida bunyod qilingan muhtasham “G`alaba bog`i” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlug` qadamjoga aylandi.
Shu kungacha bu erga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va e`tibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar to`plamlari yaratilib, hozirga qadar noma`lum bo`lgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka etkazildi.
“Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz ro`yxati shakllantirildi. Yurtdoshlarimizdan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar bo`yicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim ma`lumotlar to`plandi.
Muhtaram do`stlar!
Bugungi bayram munosabati bilan jonajon O`zbekistonimizda xotira marosimlari, turli madaniy-ma`rifiy tadbirlar, “uch avlod uchrashuvlari” o`tkazilmoqda. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila a`zolariga tabrik va sovg`alar topshirishga bag`ishlangan marosimlar tantanali vaziyatda o`tkazilmoqda.
Muhtaram urush faxriylari xalqimizning doimiy e`tibori va e`zozida bo`lib kelmoqdalar. Jumladan, yolg`iz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yo`lida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning uy-joylari ta`mirlanib, obod qilinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga patronaj xizmati va zarur tibbiy muolajalar ko`rsatilmoqda. Ular o`z xohishlariga ko`ra sanatoriylarda davolanmoqda.
Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug` insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz.
Hozirgi g`oyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli ta`sirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz bo`lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do`stlik va ahillikni asrashdek o`ta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an`analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo`lib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi O`zbekiston bunyodkorlari bo`lishdek yuksak burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Siz, azizlarni bugungi ulug` ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo`lsin!”, - deyiladi davlat rahbari tabrigida.






