Istanbuldagi katolik cherkovida sodir etilgan otishmada gumon qilingan ikki shaxs qo`lga olindi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Erlikayaga tayanib xabar bermoqda Zamon.uz.
IIV rahbarining so`zlariga ko`ra, bular Tojikiston va Rossiya fuqarolari. Taxminlarga ko`ra, ular IShID terrorchilik tashkilotiga aloqador. Avvalroq ushbu guruh hujum uchun javobgarlikni o`z zimmasiga olgandi.
Turk polisiyasi xodimlari 30 ta manzilda tintuv o`tkazgan, hujumga aloqadorlik gumoni bilan jami 47 kishi qo`lga olingan.
Eslatib o`tamiz, 28 yanvar kuni tushdan keyin Istanbulning Sarier tumanidagi Avliyo Maryam katolik cherkoviga niqobli ikki kishi hujum qildi. Ular o`t ochishgan, so`ng voqea joyidan qochib ketishgan. Otishmada Tursen Jihan ismli Turkiya fuqarosi vafot etdi.
Istanbul gubernatori Dovut Gul va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on voqea munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Rim papasi Fransisk hujumni qoraladi. Istanbulning Lotin katolik jamiyati episkopi Massimiliano Palinuro shahar hokimiyatini “adolatni tiklashga, voqea yuzasidan tergov va haqiqatni oshkor qilishga chaqirdi.






