Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi "ko`hna qit`a" davlatlarini zudlik bilan qizamiqqa qarshi emlash kampaniyalarini o`tkazishga chaqirdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Bu shoshilinch tavsiyalar bejiz aynan shu kunlarda o`rtaga chiqqani yo`q. Chunki mintaqada o`tgan yil davomida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 2022 yilga nisbatan 30 barobar ko`p qayd etilgan.
Ekspertlar buni pandemiya davrida qizamiqqa qarshi vaksinasiya qamrovi keskin pasaygani bilan izohlamoqda. Oqibatda 2023 yilning yanvar-oktyabr oylarida bu kasallikka chalingan bemorlar soni 30 ming nafardan oshdi. Vaholanki, mazkur statistika 2022 yilda atigi 941 tani tashkil etgan edi.
JSST prognoziga ko`ra, so`nggi oylarda qizamiq bilan kasallanish holatlari yana ko`paygan va shoshilinch choralar ko`rilmasa, bu tendensiya davom etishi ehtimoli yuqori.
Hozir qizamiq rasman endemik deb e`lon qilingan davlatlarda o`sish dinamikasi kuzatilyapti. Xususan, Buyuk Britaniya xastalik ko`payishi ortidan mamlakatda milliy favqulodda holat rejimini joriy etishga majbur bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, dunyo bo`yicha 2022 yilda emlash qamrovi 2021 yilga nisbatan biroz oshgan bo`lsa-da, ammo shunda ham 33 million bola qizamiqqa qarshi emlash dozalari bilan qamrab olinmadi. 22 million nafarga yaqin o`g`il-qiz bunday vaksinalarning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilishdan chetda qolgan.






