Ombudsman Samarqanddagi hushyorxonalarda aniqlangan kamchiliklar bo`yicha Sog`liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritdi.
Qayd etilishicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) tomonidan Samarqand viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasining tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari tarkibida tashkil etilgan mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha tumanlararo (Urgut, Toyloq, Ishtixon, Paxtachi, Payariq, Bulung`ur tumanlari va Kattaqo`rg`on shahri) punktlariga monitoring tashriflari amalga oshirilgan.
Monitoring davomida mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha ayrim tumanlararo punktlarida bir qator salbiy holatlar aniqlangan.
Xususan, mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha ayrim tumanlararo punktlarining xonalari ta`mirga muhtoj holda va belgilangan talab darajasida tashkil etilmagan, hojatxona va yuvinish xonalarida saqlanayotgan shaxslar uchun sharoitlar yaratilmagan.
Bulung`ur tumanlari va Kattaqo`rg`on shahridagi hushyorxonalarning ba`zilariga ventilyasiya tizimi o`rnatilgan bo`lsada, ularning hech birida bu tizimlar ishlamasligi va boshqa kamchiliklar aniqlangan. Shuningdek, ushbu puntklarning ayrimlarida muddati o`tgan dorilar ham saqlab kelingan.






