AsosiyJamiyat

Toshkent shahri atrofidagi 441 gektar maydonda “yashil belbog`”lar barpo etiladi.

'Toshkent shahri atrofidagi 441 gektar maydonda “yashil belbog`”lar barpo etiladi.'ning rasmi

“Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–199-son, 23.11.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda. 

Farmonga ko`ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda:  

Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan mablag`larning kamida 50 foizi “yashil bog`lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog`im” loyihalarini moliyalashtirishga yo`naltiriladi.  

Bunda aholi tashabbusi bilan “yashil bog`lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo`yicha maydon manzili va rasmlari ko`rsatilgan holda qiymati 250 mln so`mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.  

“Mening bog`im” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o`tkaziladi.

Farmonga muvofiq, avtomobil, temir yo`l, daryo va kanallar yoqalari, davlat organlari va tashkilotlari er uchastkalarining foydalanilmayotgan qismida (o`rmon fondi erlari bundan mustasno) “yashil bog`lar” ushbu erlarning egalari, foydalanuvchilari hamda tashabbuskor jismoniy va yuridik shaxslar o`rtasida 10 yilgacha tegishli shartlarda to`g`ridan-to`g`ri tuziladigan ikki tomonlama shartnoma asosida barpo etiladi.

Er uchastkalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “yashil bog`” barpo etish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.

Shuningdek, har yili “Eng yashil mahalla” tanlovi o`tkazilib, natijalar bo`yicha g`olib bo`lgan 14 ta mahallaga Ekologiya jamg`armasi mablag`lari hisobidan:

- mahallaning tegishli jamg`armasiga daraxtlar ekish va sug`orish, “yashil jamoat parki”ni yaratishga jami 500 million so`mdan o`tkazib beriladi;

- o`zini o`zi boshqarish organlariga xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil xarid qilish va topshirish choralari ko`riladi.

2024 yilda o`rmon fondining 1,5 ming gektar er maydonlarida kasanachilik asosida ko`chat etishtirish ishlarini yo`lga qo`yish orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta`minlanadi.  

Jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmanomalari asosida daraxt va buta ko`chatlarini ekishni tashkillashtirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida elektron to`lov tizimlaridan foydalanuvchilar va boshqa iste`molchilar tomonidan ixtiyoriy xayriya o`tkazmalari bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi “Yashil to`lov” platformasi joriy qilinadi.  

Shuningdek, 2024–2026 yillarda Toshkent shahri atrofida jami 441 gektar maydonda “yashil belbog`”lar barpo etiladi.

    Boshqa yangiliklar