“Nasaf” jamoasi safiga ikkinchi davradan kelib qo`shilgan serbiyalik legioner futbolchi Dragan Cheran keyingi paytlarda o`zining mazmunli va foydali o`yinlari bilan mamlakatimiz futbol ishqibozlarining nazariga tushdi.
Keling, Dragan Cheranning o`tkazgan o`yinlariga bir nazar tashlaylik.
Dragan shu paytgacha jamoamiz safida chempionat doirasidagi uchrashuvlarda 11 marta maydonga tushdi. O`zbekiston Kubogi bahslarida esa 3 marta.
Chempionat doirasidagi 11 uchrashuvda 10ta gol kiritdi. Shulardan bittasi penaltidan.
Kubok bahslarida esa 3 uchrashuvda 1ta gol kiritdi. Dragan Cheran jamoamizning 10ta goliga hammualliflik ham qildi. U jamoamizning so`nggi o`tkazgan ketma-ket ikki uchrashuvida maydonni golsiz tark etmayapti.
Dragan jamoamiz safidagi o`tkazgan 14 uchrashuvida 3 marta ogohlantirish oldi. U jami 996 daqiqa maydonda harakat qildi, shundan 792 daqiqasi chempion bahslariga tegishlidir.
Esingizda bo`lsa, u dastlab jamoamiz tarkibida O`zbekiston Kubogining chorak finalining “Nasaf” – “Andijon” 2:1 javob uchrashuvida maydonga tushgan edi.
Milliy chempionat doirasidagi uning birinchi rasmiy uchrashuvi esa “Sho`rtan” – “Nasaf” 0:3 uchrashuvi sanaladi. Ushbu uchrashuvda u o`zining dastlabki golini 69-daqiqada kiritgan edi.
Tabiatan muloyim va hazilkash futbolchimiz jamoamiz uchrashuvlarida faol va tajavvuzkor o`yin ko`rsatib, raqiblarimiz himoyachilari hamda darvozabonlarini doim tahlikaga solib kelmoqda.





