Xonanda Jahongir Otajonov 28-29 oktyabr kunlari “Istiqlol” san`at saroyida o`zining “Kuz gullari” deb nomlangan jonli ijrodagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi.
Ushbu konsert Jahongir Otajonovning joriy yil hisobidan ikkinchi konserti bo`ldi. Konsert dasturi Jahongir Otajonovga xos bo`lgan noodatiylikka boy bo`ldi. Xonandaning yangi qo`shiqlaridan tortib, muxlislar qalbidan joy olgan xit taronalar ijrosigacha tomoshabin tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Odatda raqssiz o`tadigan konsert dasturida bu safar ikki nafar raqqos boshidan ohirigacha falsafiy ma`nodagi raqslarni taqdim etishdi.
Konsertda 8 ta yangi qo`shiq yangradi.
Xonanda konsertiga mehmon sifatida taklif etgan O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaevadan kutilmaganda kechirim so`radi. Jahongirning aytishicha, uning qaysidir taronasi ustoz san`atkorning taronalaridan biriga o`xshab qolgan. Biroq zalga yig`ilgan tomoshabinlar aynan qaysi qo`shiq haqida gap ketayotganini anglay olishmadi.
Bundan tashqari xonanda konserti davomida sahnani tark etib, zalning orqa qatorlarida o`tirgan tomoshabinlarning oldiga ham bir necha bor qo`shiq kuylab bordi va bu harakati uchun ham barchadan kechirim so`radi.
Darvoqe, konsertning boshidan ohirigacha xonandadan xorazmcha yo`nalishda qo`shiq kutgan tomoshabinlarning umidi puchga chiqdi. Nima uchundir bu gal Jahongir Otajonov konsertida xorazmcha kuylamadi.
Aytish joizki, konsert bu yil xonanda tomonidan taqdim etilayotgan ikkinchi konsert bo`lishiga qaramay zal ikki kun ham tomoshabin bilan to`la bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, Jahongir Otajonov jurnalistlar uchun o`tkazgan matbuot anjumanida bundan buyon har chorakda konsert taqdim etish niyati borligini ma`lum qilgan.





