AsosiyJamiyat

1 noyabrdan nimalar o`zgaradi?

'1 noyabrdan nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Joriy yil 1 noyabrdan boshlab qonunchilikka kiritilgan o`zgartishlarga ko`ra, amaldagi ayrim tartiblar o`zgaradi.

Psixologik yordam olish osonlashadi

Tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish markazlarida og`ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko`rsatish tizimi joriy etiladi.

Davlat organlarining kadrlarga oid hujjatlari hrm.argos.uz platformasida saqlanadi

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid barcha ma`lumot va hujjatlar «hrm.argos.uz» elektron platformasida shakllantiriladi va yuritiladi.

Xonadonlarga internet tarmog`ini olib borish dasturi amalga oshiriladi

«Oxirgi milya» tamoyili asosida tadbirkorlik sub`ektlari bilan birgalikda aholi xonadonlariga internet tarmog`ini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturini amalga oshirish boshlanadi.

Hokimlar shaharsozlik bo`yicha kurslarda o`qishadi

Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy hokimiyat va hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun shaharsozlik sohasida bilimlarni oshirishga qaratilgan o`quv mashg`ulotlari o`tkaziladi.

Avtoraqamlarni berish uchun to`lov miqdorlari oshadi

Avtotransport vositalari uchun davlat raqami belgilari berilganligi uchun to`lov BHMning 3,5 baravarini (xozirda 1,5 baravari), mototransport uchun – BHMning 1,75 baravarini tashkil etadi (xozirda – 0,75 baravari).

«Umra» xizmatini tashkil etuvchilar uchun yangi lisenziya talablari

«Umra» xizmatlarini ko`rsatish faoliyati bo`yicha quyidagi qo`shimcha lisenziya talablari kuchga kirmoqda:

  • 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo`lmagan miqdordagi mablag`larni Turizm qo`mitasining Xavfsiz turizm jamg`armasiga zaxira qilib qo`yish;
  • «Umra» xizmatlarini ko`rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta`lim yo`nalishlari bo`yicha respublika ta`lim muassasasi yoki O`zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta`lim yo`nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo`lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo`lishi.

Yong`in nazorati sohasida yangi talablar

Davlat yong`in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish ob`ektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob`ektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

Davlat yong`in nazorati organlari qurilish ob`ektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yong`in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

Aholi gavjum bo`ladigan ob`ektlarda yong`in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yong`in nazorati o`rnatiladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat vakillarining ishtirok etish tartibi kuchga kiradi

16 noyabrdan davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi to`g`risida Nizom kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar