AsosiyJamiyat

Saida Mirziyoeva YuNESKO Ijroiya kengashi O`zbekistonning tashabbusi bilan axborotdan foydalanish sohasidagi rezolyusiyasini bir ovozdan ma`qullagani yuzasidan fikrini bildirdi

'Saida Mirziyoeva YuNESKO Ijroiya kengashi O`zbekistonning tashabbusi bilan axborotdan foydalanish sohasidagi rezolyusiyasini bir ovozdan ma`qullagani yuzasidan fikrini bildirdi'ning rasmi

Parijda 4—18 oktyabr kunlari bo`lib o`tgan YuNESKO Ijroiya kengashining 217-sessiyasida O`zbekiston tashabbusi “Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan Toshkent deklarasiyasi” rezolyusiyasi bir ovozdan ma`qullandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Rezolyusiya loyihasi a`zo davlatlar tomonidan Ijroiya kengashining 217-sessiyasi kun tartibiga yangi masala sifatida kiritilgan asosiy hujjatlardan biri bo`ldi. Hujjatga 20 ta davlat, jumladan, Andorra, Jazoir, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Kuvayt, Misr, Marokash, Suriya, Sudan, Tunis, Falastin, Palau, Shri-Lanka, Vengriya, Livan, Liberiya, Zimbabve va Chili hammuallif bo`ldi.

Rezolyusiyada O`zbekiston hukumatiga Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni munosabati bilan Toshkent shahrida (2022 yil 28—29 sentyabr) bir qator tadbirlar tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirilgan. Hujjat, shuningdek, bosh direktorni Toshkent deklarasiyasida belgilangan inson huquqlari va barqaror rivojlanishni rag`batlantirish uchun axborotdan foydalanishga yordam beradigan faoliyatni qo`llab-quvvatlashga chaqiradi.

Hujjatga muvofiq, “Axborotdan erkin foydalanish bo`yicha Toshkent deklarasiyasi”ni tasdiqlash bo`yicha Bosh konferensiyaning 42-sessiyasi (shu yil 7-22 noyabr, Parij sh.) kun tartibiga kiritish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Ijroiya kengash rezolyusiyasi YuNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan ham qo`llab-quvvatlangan holda (umumiy ma`qullash) qabul qilinishi kutilmoqda.

Ushbu rezolyusiya bir ovozdan ma`qullangani yuzasidan Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva o`z fikrlarini bildirdi.
"Rezolyusiyada 2022 yil sentyabrda Toshkent shaxrida YuNESKO bilan hamkorlikda o`tkazilgan Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuniga bag`ishlangan konferensiyaning ahamiyati yuqori baholangan.

Mazkur rezolyusiyaning qabul qilinishi – O`zbekistonda fuqarolarning so`z erkinligi va axborotdan foydalanish huquqlarini ta`minlash bo`yicha islohotlar jarayonida erishilgan yutuqlar xalqaro darajada e`tirof etilayotganining navbatdagi ifodasidir.

Hujjatni tayyorlashda hammuallif sifatida ishtirok etgan barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiramiz va barcha hamkasblarni ushbu muhim voqea bilan tabriklaymiz" deydi Mirziyoeva.

    Boshqa yangiliklar