O`zbekiston va Qirg`iziston prezidentlari tomonidan 2021 yilda erishilgan kelishuvga muvofiq, O`zbekiston Qirg`izistonga beg`araz insonparvarlik yordami sifatida MI-8MTV harbiy vertolyotini taqdim qildi.
Bu haqda Qirg`iz Respublikasi etakchisi o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma`lum qildi, deya yozmoqda Zamon.uz.
Sadir Japarovning bildirishicha, vertolyot mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlariga topshirilgan.
Shuningdek, Qirg`iziston harbiy vertolyot parkidagi xuddi shunday vertolyotlardan biri to`liq ta`mirlash uchun Chirchiqdagi aviata`mirlash zavodiga ham topshirilgan va ushbu harbiy texnika O`zbekiston Mudofaa vazirligi hisobidan to`liq ta`mirlanib, qo`shni davlat mutaxassislariga topshirilgan.
"Yaqinda O`zbekistonning tegishli tuzilmalari vertolyotimiz to`liq ta`mirlangani haqida xabar berdi. Tarmoq vazirligimiz mutaxassislari uni "Chirchiq-O`sh", "O`sh-Bishkek" yo`nalishi bo`yicha olib kelib, foydalanishga topshirdilar", – deydi Sadir Japarov mazkur tadbirlar Shavkat Mirziyoevning qo`llab-quvvatlovi bilan amalga oshirilganini ta`kidlab.
Japarov, o`z o`rnida, O`zbekiston etakchisiga o`z minnatdorchilgini bildirib o`tgan.






