AsosiyJamiyat

“Shuncha odam o`lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo`lmaydi - dod-faryod…” Prezident Transport vaziri va deputatlarni “savaladi” (video)

'“Shuncha odam o`lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo`lmaydi - dod-faryod…” Prezident Transport vaziri va deputatlarni “savaladi” (video)'ning rasmi

Kechagi videoselektor yig`ilishida Prezident Shavkat Mirziyoev yo`llarimizdagi harakat xavfsizligi bilan bog`liq vaziyat ancha ayanchli ahvolda ekanini ko`rsatib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 



Yo`l-transport hodisalari oqibatida o`lim va jarohatlanish holatlari ko`pligini, tegishli rahbarlar bunga loqayd bo`lib o`tirganini jiddiy tanqid qildi.

"Yoshlar o`lyapti, 4000 ta, 4200 ta odam avariyadan o`lyapti. Bekordan bekor. Sen ham, transport vaziri bo`la turib, shunga befarq bo`lmasdan, Prezident qabul qilgan qarorini, svetoforlarni joy-joyiga qo`yishga mas`ulmisan, yo`qmi? Nimaga odamlar o`lishi kerak chorrahalar to`g`irlanmagani uchun?" - deya savol qo`ydi Prezident transport vaziriga.

Mas`ullarning qoniqarsiz faoliyatiga deputatlarimiz befarq bo`lib o`tirgani ham afsus bilan qayd etildi. 

"Nimaga Prezident tashvish qilib, hammani "yondirishi" kerak? Nimaga sizlar (deputatlar) "yonmaysizlar"? Shuncha odam o`lib ketyapti, ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo`lmaydi - dod-faryod odamlar o`lgani uchun. Ijtimoiy tarmoq degani - xalqni ovozi degani", - dedi davlatimiz rahbari. 

Prezident misol sifatida Xitoy poytaxti Pekin va Rossiya poytaxti Moskvadek yirik shaharlarda tirbandlik deyarli kuzatilmasligini tilga oldi, bizda ham shunga intilish shartligini ko`rsatib o`tdi.

Umuman, transport vaziri va boshqa mutasaddilarga jamoat transportini rivojlantirish, svetoforlar va yo`l chiziqlarini o`rnatish, tirbandlikning oldini olish, poytaxt ko`chalari va hududlardagi yo`llarni tartibga solish bo`yicha qat`iy choralar ko`rish topshirildi. 2024 yil bu borada jiddiy o`zgarishlar yili bo`lishini ta`minlash vazifasi qo`yildi.
 

    Boshqa yangiliklar