Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan Antalyadagi mehmonxonaga ishga joylashtirilgan ayol ish sharoitlaridan shikoyat qilib ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qildi.
U murojaatida O`zbekistonga qaytish uchun muddatidan oldin aviachipta va maoshlarini olib berishni so`ragan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Turkiyadagi vakili mahmonxona rahbariyati ayolning xulq-atvoridan norozi ekani, imkon qadar yaqin muddatda uni O`zbekistonga jo`natishini bildirgan. Ma`lum qilishinicha, xodimlarga aviachipta xarid qilish 10 noyabrdan, ya`ni ish mavsumi tugagach boshlanadi.
"Shu bilan birga, avvalroq A.H. ga yashash joyidagi kamchiliklardan noroziligi sabab sharoiti yaxshiroq boshqa xonaga o`tish taklif qilingan, ammo u o`z xonasida qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda eks etgan holat, ya`ni yuvinish joyidagi tartibsizlikka uning tozalikka rioya qilmasligi, santexnika jihozlarini avaylamasligi sabab bo`lgan.
Ma`lumot uchun: A.H. 2022 yilda Agentlik orqali Izmir shahridagi otelga ishga borib, otel tartibi, sharoiti, otel rahbariyati va atrofidagilarga munosabati hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali salbiy ma`lumotlar tarqatishi oqibatida ishdan bo`shatilgan. Vakolatxona iltimosiga ko`ra, O`zbekistonga qaytishi uchun unga otel tomonidan aviachipta sotib olingan edi", deyiladi bayonotda.






