Joriy yil 16 may kuni Ishonch.uz axborot portalida jurnalist Anvarjon Halimov qalamiga mansub "Qullik: Qozog`istonda o`zbekistonlik fuqaro 6 yildan beri tutqunlikda ushlab turilibdi" sarlavhali maqola e`lon qilingan edi.
Unda Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi A.A.ni qo`shni ayol Qozog`istonga chaqirib, aldov yo`li bilan allakimga sotib yuborgani va shu tariqa bedarak yo`qolganiga oid ma`lumot keltirilgandi.
O`zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulligi ushbu holat bo`yicha O`zbekiston Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakili, "Sana Sizem" nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) va Turkiston viloyati polisiya departamentining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`limi bilan hamkorlikda fuqaro A.A. qidiruvga bergan edi. Shu yil 11 sentyabr kuni yurtdoshimizni Turkiston viloyatining Ordabasi tumani polisiyasi ko`magida izlab topishga muvaffaq bo`lindi.
O`zbekiston fuqarosining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida u "Sana sizem" NNT tomonidan yotoq-joy va oziq-ovqat bilan ta`minlandi. Shuningdek, A.A.ning arizasi nazoratga olinishi yuzasidan Bosh konsullik tomonidan Qozog`istonning tegishli tashkilotlariga murojaat qilindi.
So`ngra yurtdoshimizga Bosh konsullik vatanga qaytish guvohnomasini berdi hamda "Sana Sizem" NNT xodimi bilan hamrohlikda u "Jibek jol - G`isht ko`prik" chegara o`tkazish punkti orqali mamlakatimizga qaytarildi.






