Avvalroq, Toshkent viloyatida bojxona xodimlari gumonlanuvchiga elektroshoker qo`llagani va uni kaltaklagani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2023 yil 3 oktyabr kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi DXX xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri hududida tezkor tadbir o`tkazilgan.
Natijada, fuqaro E.E va uning boshqa jinoiy sheriklari internet ijtimoiy tarmog`i orqali giyohvandlik vositalarini doimiy tarzda yoshlarga sotib kelganligi haqida ma`lumotlar olinib, ularning navbatdagi jirkanch qilmishi ya`ni, poytaxtning Yunusobod tumanidagi turli hududlarga giyohvandlik vositalarini kichik bo`laklarga ajratgan holda yashirib joylashtirgan vaqtida, og`irligi 24,05 gramm giyohvandlik moddalari bilan ushlanib, tadbir ishtirokchilari tomonidan ularning ushbu jinoiy qilmishi to`xtatilgan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, to`plangan ish hujjatlar tergov organlariga yuborilgan.
O`z navbatida, tezkor tadbir davomida yoki hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida fuqaro E.Ergashev va boshqalarga nisbatan hech qanday ruhiy va jismoniy tazyiqlar o`tkazilmaganligini hamda maxsus vosita-elektroshoker bojxona organlari hisobida mavjud emasligi aytildi.
"Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e`lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o`zaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini ma`lum qiladi", - deyiladi xabarda.






