Qirg`iziston prezidenti Almazbek Atambaev Farg`ona viloyatida Mudofaa vazirligiga tegishli Mi-171 vertolyoti halokatga uchragani munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Qirg`iziston prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Qirg`iziston xalqi va shaxsan o`z nomimdan halok bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik so`zlarini etkazishni so`rayman”, — deyiladi Atambaevning hamdardlik maktubida.
18 oktyabr kuni Farg`ona viloyatida Mudofaa vazirligiga tegishli Mi-171 vertolyotining qulashi oqibatida uning bortida bo`lgan 9 kishi halok bo`ldi. Aviahalokat sabablarini tekshirish bo`yicha maxsus komissiya tuzilgan.





