Ijtimoiy tarmoqlarda JSST tomonidan Hindistonda ishlab chiqarilgan "Cold Out" yo`tal va shamollashga qarshi zaharli sirop xavfidan ogohlantirish xabarlari tarqalmoqda.
Ushbu yo`talga qarshi qo`llaniluvchi dori vositasi haqida Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ma`lumot taqdim etdi.
JSST ma`lumotlariga ko`ra, "Cold Out" siropi “Fourrts Laboratories” (Hindiston) tomonidan “Dabilife Pharma” uchun ishlab chiqarilgan bo`lib, uning tarkibida toksinlar borligi qayd etilgan.
Shuningdek, Hindiston Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, mazkur dori vositasi Iroqda o`tkazilgan alohida sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, erkin savdodan qaytarib olingan.
Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Hindistonning “Fourrts Laboratories” tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur dori vositasi O`zbekiston Respublikasida davlat ro`yxatidan o`tkazilmaganligini ma`lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan yurtdoshlarimiz xavotirga tushmasliklarini bildiradi.
Ma`lumot uchun, “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan keyin ruxsat etiladi.
"Ta`kidlash joiz, 2023 yil fevral oyidan boshlab, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga kirib kelayotgan sirob shakldagi dori vositalari tarkibi dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari bo`yicha chuqur tekshirilib, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan bu borada qat`iy nazorat o`rnatilganligini eslatib o`tamiz", - deyiladi Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Matbuot xizmati xabarida.






