AsosiyDunyo

So`nggi o`n yilda 2,5 million kishi cho`kib o`lgani ma`lum qilindi

'So`nggi o`n yilda 2,5 million kishi cho`kib o`lgani ma`lum qilindi'ning rasmi

So`nggi o`n yilda dunyo bo`yicha 2,5 million kishi cho`kish oqibatida bevaqt hayotdan ko`z yumgan. Bu haqda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotida aytilgan.

Baxtsiz hodisalarning 90 foizi qashshoq va kambag`al davlatlar hissasiga to`g`ri keladi. Cho`kish oqibatida vafot etganlarning asosiy qismi 1-4 va 5-9 yoshdagi bolalardir.

Vaziyatni xavotirli deb baholagan JSST fojialarning oldini olish uchun amaliy harakatlar qilish, birinchi navbatda bog`cha yoshidagi bolalarga suzishni o`rgatishni tavsiya qilgan. Bu maqsadda sarflangan bir dollar o`n karra yuqori daromad keltiradi. Eng asosiysi, yuz minglab o`lim va baxtsiz hodisalarning oldi olinadi, deb hisoblaydi xalqaro tashkilot.

"Samarali profilaktik chora-tadbirlar, tizimga ko`proq mablag` ajratish va aholi xabardorligini oshirish ko`plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi", – deydi JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

Qayd etilishicha, Bangladesh, Janubiy Afrika Respublikasi, Tayland, Vetnam kabi davlatlar cho`kishning oldini olish bo`yicha jiddiy choralar ko`rmoqda. Xalqaro tuzilma boshqa davlatlarni ham ushbu muammoga e`tibor qaratishga undamoqda.

Joriy yil may oyida JSST ilk bor cho`kishlarning oldini olishga doir rezolyusiya qabul qildi. Ushbu hujjatga ko`ra, bu bo`yicha global ittifoq tuziladi.

    Boshqa yangiliklar