AsosiyJamiyat

O`zbekistonda yil boshidan beri gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaygani ma`lum qilindi

'O`zbekistonda yil boshidan beri gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi kamaygani ma`lum qilindi'ning rasmi

Joriy yilning mart oyida respublikada gaz qazib olish hajmi 12,2 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 10,6 foizga qisqardi.

O`zbekistonda gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining qisqarishi joriy yilda uchinchi oy ketma ket davom etmoqda. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida ma`lum qilingan.

Respublikada 2023 yil mart oyida 4,1 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Taqqoslash uchun, 2022 yilning martida 4,7 milliard kub metr gaz qazib olingandi. Bu ko`rsatkich o`tgan yilning martiga nisbatan 12,2 foizga kam.

Joriy yil choragida gaz qazib olish hajmida o`tgan yilga qaraganda sezilarli qisqarish kuzatilmoqda. Masalan, 2023 yil yanvar oyida 4,3 milliard kub metr, 2022 yil yanvarda 4,7 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan va o`rtadagi tafovut 7,5 foizni tashkil etgan.

2023 yil fevralida 3,8 milliard kub metr, o`tgan yilning fevralida 4,2 milliard kub metr tabbiy gaz qazib olingan. Qazishning qisqarish hajmi 9 foizni tashkil etgan.

Respublikada elektr energiyasining 85 foizi tabiiy gaz yordamida ishlab chiqariladi. Gaz qazib olish hajmining kamayib borayotgani, elektr energiyasi ishlab chiqarishga ham o`z ta`sirini o`tkazadi.

Agentlik hisobotida joriy yilning yanvar mart oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham qisqarganini ko`rish mumkin.

Masalan, 2023 yilning mart oyida 5,9 milliard kVt soat, 2022 yil martida 6,6 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o`tgan yilning tegishli davriga nisbatan 10,6 foizga kam degani.

Joriy yil yanvarida 6,5 milliard kVt soat, fevralida 6 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo`lsa, 2022 yil yanvarida 6,7 milliard kVt soat, fevralida 6,2 milliard kVt soat ishlab chiqarilgan.

    Boshqa yangiliklar