Kecha, 18 aprel kuni Turkiyadagi Denizli shahrida turk ayoli kundoshi o`zbekistonlik ayolning 2 oylik chaqalog`iga kislota sepib yubordi. Bu haqda NTV xabar berdi.
Aytilishicha, shaharning Pamukkale tumanida K.Y. turmush o`rtog`i G.Y.ning o`zbekistonlik ma`shuqasi S.G.dan o`ch olish maqsadida ularning uyiga bostirib kirgan. Rashk o`tida yongan ayol kundoshining qo`lidagi 2 oylik chaqalog`i ustiga o`zi bilan olib kelgan kislotani sepib yuborgan. Oqibatda go`dak tanasining katta qismi hamda onasining qo`llari kuyib ketgan. Qo`shnilarning xabar berishi bilan tez yordam va polisiya voqea joyiga etib kelgan.
Yaralangan bola onasi hamrohligida Pamukkale universiteti kasalxonasiga olib ketilgan. Yangi tug`ilgan chaqaloqlar intensiv terapiya bo`limida yotgan bolaning ahvoli og`ir ekani ma`lum qilindi.
Polisiya voqeadan keyin qochib ketgan K.Y.ni Fotih tumanidagi uyida ushlab, hibsga olgan. U o`ziga qarshi fitna borligini iddao qilib, o`ziga qo`yilgan ayblovlarni rad etgan. Polisiyaga ko`rsatgan qarshiliklari tufayli gumonlanuvchi sud binosiga olib ketilgan.
K.Y. uni sud binosiga kiraverishda kutib turgan jurnalistlarga bolaning ustiga hech qanday modda sepmaganini va unga qarshi yolg`on ayblov qo`yilayotganini aytgan.
Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Mahalliy OAVga ko`ra, turkiyalik juftlik ikki nafar farzandning ota-onasi hisoblanadi.






